Globallashuv jarayonida kuchli raqobat har sohada yangilikka undaydi. Fan va texnologiyalar sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar, kashfiyotlar, yangiliklar, ishlanmalarning ishlab chiqilishi va ularning xizmat ko‘rsatish sohasiga shiddat bilan kirib borishi iqtisodiy o‘sishni va raqobatbardoshlikni doimiy ravishda ta’minlaydi.
Innovatsion faoliyat – yuqori iqtisodiy va ijtimoiy samara olish maqsadida ishlab chiqarish jarayoniga ilg‘or ilm-fan yutuqlarini joriy etish yo‘li bilan yangi tovarlar yaratish yoki ishlab chiqarilayotgan tovarlar sifatini oshirish demakdir. Shu bilan birga, kashfiyotlar qilish, texnika va texnologiyalarning yangi avlodini yaratish, ishlab chiqarish sohalarida eng so‘nggi yutuqlarni qo‘llash.
Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda fan va texnologiyalar, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish sohasida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 1 apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi negizida davlat muassasasi shaklidagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi (qisqacha — Innovatsiyalar Milliy ofisi) tashkil etildi.
Iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqib ilmiy faoliyat natijalari, innovatsion mahsulotlar va xizmatlar, shu jumladan yangi qurilmalar, materiallar hamda texnologiyalarni yaratish, joriy etish, ko‘paytirish va ularni tijoratlashtirish, tijoratlashtirish imkoniyatiga ega ishlanmalarni tanlash, baholash va joriy etishda faol qatnashish, ularni tijoratlashtirish uchun investitsiyalarni jalb qilish, ushbu yo‘nalishda forumlar, xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalar o‘tkazish, ilmiy, loyiha-konstruktorlik va texnologik tashkilotlarni ishlab chiqarish tashkilotlari bilan ilmiy va innovatsion sohada izchil hamkorligini rivojlantirish Milliy ofisning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi.

Ilmiy faoliyat sub’ektlariga intellektual mulk ob’ektlari va nou-xaulardan foydalanish bo‘yicha konsalting xizmatlari ko‘rsatish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini shakllantirish, moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda marketing usullarini qo‘llash bo‘yicha o‘quv va trening kurslarini tashkil qilish bilan ham shug‘ullanadi.
Innovatsiyalar Milliy ofisi ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, bu borada samarali natijalarga erishish maqsadida xalqaro hamkorlikka katta urg‘u bermoqda.
Ofis rahbariyati faoliyat no‘nalishlaridan kelib chiqib turli xorijiy hamkorlar bilan qator kelishuvlarga erishmoqda. Xususan, ofis bosh direktori Farhod Jumayev Turkiyaning "NETCOM" kompaniyasi Toshkentdagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuvdi. Unda "NETCOM" kompaniyasi bilan Turkiyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonga transfer qilish, soha eskpertlarini jalb qilgan holda ikki davlat o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasini bir elektron platformada birlashtiruvchi "Assalam Agro", agrosanoatdagi innovatsion loyihalar jamlanmasi "Digital Agro" va "qulak" raqamli ta’lim platformasi kabi loyihalar ustida hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.

Shuningdek, Turkiyaning "Trex DCAS" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni transfer qilish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, "Trex DCAS" kompaniyasi tomonidan taqdim etilayotgan ishlab chiqarishni avtomatlashtirishga qaratilgan ilg‘or va innovatsion "Mes Systems" dasturiy ta’minoti va qurilmasini "INNO Texnopark"da joriy qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, MES mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha kadrlar dasturini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu dastur doirasida texnopark hududida MES tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, amalga oshirish va davomiy ravishda monitoring qilish bo‘yicha xorijiy ekspertlar tomonidan amaliy darslar olib boriladi va malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
“Germaniya va O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida barqaror va innovatsion ta’minot zanjirini yaratish” hamkorlik dasturi ijrosi yuzasidan Innovatsiyalar Milliy ofisi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti va Germaniyaning Albstadt-Sigmaringen universiteti vakillari ishtirokidagi onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Innovatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori o‘rinbosari Bunyod Rahmatullayev, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti birinchi prorektori Ulug‘bek Abdullayev va Albstadt-Sigmaringen universiteti professorlari Kristian Kaiser va Conni Bast ishtirok etdi.
Albstadt-Sigmaringen universiteti 1971 yilda tashkil etilgan amaliy fanlar bo‘yicha dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanib, Yevropa universitetlari reytingida TOP-2000 talikdan joy olgan, Universitet bakalavr bosqichida 15 dan ortiq, magistratura bosqichida esa 12 ta yo‘nalishlarda talabalarni o‘qitadi.
Uchrashuv davomida Germaniyaning Albstadt-Sigmaringen universiteti va Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti o‘rtasida tekstil yo‘nalishida malaka oshirish maqsadida iqtidorli talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va ularga o‘z startaplariga asos solishga ko‘maklashish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, Germaniyaning, xususan Albstadt-Sigmaringen universitetining to‘qimachilik va tekstil sohasidagi ilg‘or tajribasi va muvaffaqiyatli loyihalarini o‘rganish maqsadida qo‘shma dasturlarni tashkillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ikki davlat o‘rtasida universitetlar va to‘qimachilik sohasidagi tarmoq tashkilotlar hamkorligini yanada jadallashtirish va kengaytirishga ham kelishib olindi.
Google ta’lim jamoasi bilan texnologiya, ta’lim, biznesni rivojlantirish va inkluziv yo‘nalishlarida manfaatli hamkorlik o‘rnatilmoqda.
Mazkur yo‘nalishlardagi o‘zaro kelishuvlarni mustahkamlash maqsadida Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi hamda Google ta’lim jamoasi vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Google Workspace for Education, Google Classroom va boshqa vositalarni ta’lim muassasalarida integratsiya qilish, bilim va innovatsion ishlanmalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, pedagoglar malakasini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilganlarga Milliy ofis faoliyati, rezidentlar uchun yaratib berilgan sharoitlar, xorijiy kompaniyalar uchun imkoniyatlar va texnoparklarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
“InnoWeek-2023” innovatsion g‘oyalar haftaligi turli xorijiy kompaniyalar va tashkilotlar bilan innovatsion faoliyat bo‘yicha kelishuvlarga erishish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay platforma bo‘ldi.
“InnoWeek-2023” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Innovatsiyalar Milliy ofisi mas’ullari Shveysariyaning "SwissNeWater" kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining o‘rinbosari Shahloxon Turdiqulova, Innovatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori o‘rinbosari Bunyod Rahmatullayev hamda Shveysariyaning "SwissNeWater" kompaniyasi raisi Doktor Klaud Begle ishtirok etdi.
Ta’kidlash lozim, "SwissNeWater" dunyo bo‘ylab samarali, xavfsiz, ekologik va raqobatbardosh bo‘lgan atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan yashil texnologiyalarni taqdim etuvchi kompaniya hisoblanib, joriy yilda Innovatsiyalar Milliy ofisi hamda kompaniyaning ekologiya muhofazasi uchun muhim bo‘lgan innovatsion texnologiyalar taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi.
Bugungi kunda Innovatsiyalar Milliy ofisi ko‘magi bilan "SwissNeWater" kompaniyasining "HydroCleaner" uskunasi INNO TexnoPark hududida joylashtirilgan. Shuningdek, kompaniya qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘z ilmiy-amaliy laboratoriyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochdi.
"HydroCleaner" dezinfeksiyalash uskunasi – tozalash uchun eritma tayyorlovchi, yuqumli kasalliklar tarqalishini oldini oladigan, aholi salomatligi, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun kerakli ishlanma hisoblanadi. Uskuna oddiy tuz va suvdan 18 xil turli yuzalarni tozalash, oziq-ovqat sanoatidan tortib qishloq xo‘jaligida ham foydalanishga mo‘ljallangan, ximikatlarsiz bezarar eritma tayyorlab bera oladi.
Uchrashuv so‘ngida "SwissNeWater" kompaniyasi vakillari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish mamlakatimiz uchun dolzarb yo‘nalishlar hisoblangan sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma tadqiqotlar amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Innovatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori o‘rinbosari Bunyod Rahmatullayev Vengriyaning "Archenerg Cluster" kompaniyasi vitse prezidenti Toni Kenz bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda Yashil energiya manbalari bo‘yicha innovatsion yechimlar hamda Muqobil energetikani rivojlantirishga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni transfer qilish, Yevropa ittifoqi mamlakatlari, Kanada kabi rivojlangan mamlakatlarning loyihalarida qatnashish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi yirik startap loyihalarni tijoratlashtirish va ularga xorijiy investorlar, venchur fondlarini jalb qilish hamda grantlar ajratish bo‘yicha kelishib olindi.
Ma’lumot uchun Vengriyaning "Archenerg Cluster" kompaniyasi Jahon bozori uchun yashil innovatsion texnologiyalarni ilgari surish, joriy qilish hamda Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashni maqsad qilgan. Bundan tashqari tarmoqlar orqali kompaniyalarga Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishga yordam beradi.
Shuningdek, Yashil innovatsion dastur mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha istiqbolli loyihalarni hamda kadrlar dasturini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu dastur doirasida Innovatsiyalar milliy ofisi mutaxassislariga Vengriyaning "Archenerg Cluster" kompaniyasi xorijiy ekspertlar tomonidan amaliy darslar olib boriladi va malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
“Vengriya-O‘zbekiston ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik” taqdimoti doirasida Vengriya-Kanada o‘rtasida "Archenerg Cluster" vitse prezidenti Toni Kenz hamda Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bosh direktor o‘rinbosari Bunyod Rahmatullayev o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Tomonlar Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va biznes loyihalarni muvafaqqiyatli yuritish, marketing, moliyalashtirishga tayyorlashga ko‘maklashish, grantlar ajratish, akseleratorlar uchun ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladilar.
Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi xalqaro hamkorlikka asosiy e’tibor qaratmoqda va bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA