Innovatsiya va ishlab chiqarish
Bugungi kunda har qanday davlatning barqaror taraqqiyoti asosini innovatsion faoliyat tashkil etadi.
O‘zbekistonda ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish bo‘yicha samarali mexanizm rivojlantirilmoqda
Bugungi kunda har qanday davlatning barqaror taraqqiyoti asosini innovatsion faoliyat tashkil etadi. Tarix shundan dalolat beradiki, inson o‘zining aql-zakovati bilan dastlabki mehnat qurollarini o‘ylab topishdan, algoritm va nanozarrachalar, zamonaviy innovatsion komputer, super mikroelektron, biologik, gen muhandisligi, quyosh va boshqa yuqori texnologiyalarni kashf etishgacha bo‘lgan murakkab yo‘lni bosib o‘tdi.
O‘tgan asrning 80-yillaridan dunyo taraqqiyotning yangi bosqichi, ya’ni globallashuv davriga kirdi. Bu ichki va xalqaro bozorlarni kengaytirish, texnologik innovatsiyalar – komputer texnikasi, priborlar mikrominiatyurizatsiyasini yaratish, yangi aloqa vositalarini rivojlantirish zarurati, 90-yillarda esa bugun milliardlab foydalanuvchilarga ega internetning paydo bo‘lishi bilan bog‘liqdir. Bugungi globallashuv jarayoni raqobatni kuchaytirib, yangi mahsulotlar yaratish davrini qisqartirdi va kompaniyalarni yangi innovatsion mahsulotlar (texnologiyalar, materiallar, mashinalar, texnika, transport va kommunikatsiya vositalari, dori-darmonlar, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar)ni jadal ishlab chiqishga majbur etdi.
Ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish, xususiy tadbirkorlar va davlat o‘rtasidagi hamkorlik, kichik va o‘rta innovatsion biznesning xalqaro aloqalarini qo‘llab-quvvatlash innovatsion faoliyatni keng rivojlantirishning muhim shartlaridir. Shuni ta’kidlash kerakki, dunyoning rivojlangan davlatlarida yangiliklarning qariyb yarmi tashkilotlar, kichik va o‘rta biznes firmalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Chunonchi, AQSh Milliy ilm-fan fondi ma’lumotlariga ko‘ra, kichik firmalarda hayotga tatbiq etilayotgan yangiliklar soni sarf-xarajatlar birligi bo‘yicha o‘rta va yirik firmalarga qaraganda ancha ko‘pdir. Bundan tashqari, kichik firmalar yangiliklarni jadal o‘zlashtirish va iste’molchilarga yetkazib berishda ham yirik firmalarga qaraganda taxminan uchdan bir barobar ilgarilab ketgan.
Universitet va texnika institutlari ishlab chiqarish kompaniyalari va firmalar bilan birgalikda patentlangan ishlanmada o‘z ishtiroki ulushini belgilab tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirgandagina ilm-fan va ishlab chiqarishning integratsiyalashuv jarayoni katta samara beradi. Yevropa patent idorasi tomonidan berilgan barcha xalqaro patentlarning 85 foizi aynan shunday hamkorlikdagi ishlanmalar ulushiga to‘g‘ri kelishi ham bejiz emas.
AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa qator rivojlangan mamlakatlarda kichik va o‘rta biznes innovatsiyalarga moyilligi bilan ajralib turishini ko‘rish mumkin. O‘tgan asrning 90-yillarida ushbu mamlakatlarda minglab ana shunday kompaniyalar tashkil etildi. Ularning aksariyati bugungi kunda jahon ishlab chiqarishida yetakchi firmalarga aylandi (“Samsung”, “Microsoft”, “Pfizer”, “Hitachi” va boshqalar). Bu, o‘z navbatida, millionlab yangi ish o‘rinlari tashkil etish imkoniyatini yaratdi va sanoat hamda iqtisodiyotni rivojlantirishga kuchli turtki berdi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, har tomonlama rivojlangan innovatsion tizimga ega mamlakatlardagina innovatsiya jarayonlari samarali amalga oshirilib, texnologiyalar va boshqa ilmtalab mahsulotlar tijoratlashtirilmoqda. Bu jarayonda davlatning ishtiroki, iqtisodiyotning real sektori va yetakchi kompaniyalarning innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyatga egadir. Zero, ilm-fan davlatning texnik taraqqiyoti va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlaydigan ushbu integratsiya mexanizmining asosini tashkil qiladi.
O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan mamlakatimiz ilm-fani, yetakchi ilmiy maktablar, birinchi navbatda, eng yirik va muhim ahamiyatga ega tashkilot – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar yangi tarixiy voqeliklarga mos keladigan fan-texnika va innovatsiya sohasida davlat siyosatini izchil amalga oshirish uchun o‘ziga xos rag‘bat bo‘ldi.
Prezidentimizning 1992-yil 8-iyuldagi “Ilm-fanni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-iyuldagi “Ilm-fanni rivojlantirishni va innovatsiya faoliyatini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish sohasidagi dastlabki asosiy hujjatlardir. Davlatimiz rahbarining 2006-yil 7-avgustdagi “Fan va texnologiyalar rivojlanishining muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston ilm-fanini boshqarish va moliyalashtirishni davlat tomonidan tartibga solish, uning sa’y-harakatlarini ustuvor sohalarga yo‘naltirishga qaratilgan islohotlar davom ettirildi.
Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu qaror mamlakatimizda ilmiy loyihalarni maqsadli moliyalashtirish va ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash tizimini yaratish, korxonalarda modernizatsiyalash va yangi texnologiyalar fondini tashkil etish, shuningdek, respublika innovatsion yarmarkalarini o‘tkazishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda yosh mutaxassislarni tayyorlash uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ilmiy muassasalar moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Ilmiy muassasalarda katta avlod vakillari bilan bir qatorda har tomonlama puxta bilimga ega, bir necha chet tillarni biladigan yosh olimlar va tadqiqotchilar ham keng ko‘lamli tadqiqotlar olib bormoqda. Ular zamonaviy ilmiy va laboratoriya jihozlari, material resurslari bilan ta’minlangan. Yosh olimlar tomonidan olingan muhim fundamental natijalar amaliy ilmiy-texnik va innovatsion ishlanmalarni keng rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qilayotir va asosan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari hamda iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlari ehtiyojiga yo‘naltirilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, taraqqiyot shartlari va kafolatlari” kitobida ta’kidlaganidek, respublika fani qudratli intellektual salohiyatni yaratgan, u hayotimizning ko‘pgina sohalarida amalda qo‘llanmoqda, Vatanimizning milliy davlatchiligi va iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, o‘tgan yillar mobaynida olimlari va ilmiy jamoalar tomonidan jahonda o‘ziga xos ahamiyatga ega ilmiy natijalar qo‘lga kiritildi. Fizika sohasida yangi yarim o‘tkazgichlar va nanomateriallar, yuqori haroratga chidamli sopol materiallar va buyumlar yaratildi. Supramolekulyar kimyo sohasida polimorf komplekslar tuzilishi va vujudga kelishi o‘rtasida aloqa o‘rnatadigan yangilik kashf qilindi. “Shpringer” (London) nashriyoti tomonidan ingliz tilida 10 jildli “Tabiiy birikmalar” ma’lumotnomasi tayyorlandi va nashr etildi. Ushbu ma’lumotnoma o‘z mohiyatiga ko‘ra, o‘simlik moddalar kimyosi sohasi olimlari va amaliyotchilari uchun ensiklopediya hisoblanadi. Mamlakatimiz olimlari tomonidan tibbiyot sohasi uchun original texnologiyalar asosida samarali dori vositalari va yuqumli kasalliklarni aniqlashning tashxis qo‘yish-test tizimlari ishlab chiqildi.
Qishloq xo‘jaligi ilm-fanda asosiy ustuvor sohalardan biridir. Bugun yer, suv resurslari va biologik xilma-xillikdan oqilona foydalanish hamda uning o‘rnini to‘ldirish tizimini takomillashtirish, samarali agrotexnologiyalar, genetik resurslar va ilg‘or ilmiy yutuqlardan unumli foydalanish asosida qishloq xo‘jaligi ekinlari va chorva mollarining sermahsul nav hamda zotlarini yaratishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarga talab yuqori.
Xususan, mustaqillik yillarida mamlakatimiz olimlari g‘o‘zani kultivatsiya qilishda tub burilish yasab, dunyodagi paxta yetishtiradigan yetakchi mamlakatlar seleksionerlarini ko‘p yillardan beri tashvishga solib kelayotgan vazifani hal etdi. Fanlar akademiyasi huzuridagi Genomika va bioinformatika markazi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi laboratoriyalarida dunyoda birinchi marta gen-nokaut texnologiyasi ishlab chiqildi. Ushbu texnologiya ishlov berish va vegetatsiya davri hamda tola sifati bo‘yicha xususiyatlari yaxshilangan “Porloq” turkumidagi gen- modifikatsiyalashtirilgan g‘o‘za navini yaratish imkonini berdi.
Ushbu nav yuqori hosildorligi, ertapisharligi, qurg‘oqchilikka chidamliligi, tolasining sifati yuqoriligi bilan ajralib turadi. Xorijiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu nav Misrda yetishtiriladigan ingichka tolali navdan keyingi o‘rinda turadi, xolos. Bugungi kunda “Porloq” mamlakatimizda gen-injeneriyasi texnologiyasi qo‘llangan holda yaratilgan yagona qishloq xo‘jaligi o‘simligi navidir. Olimlarimiz yurtimiz dalalarida yetishtiriladigan va asosan to‘rtinchi-beshinchi toifaga mansub tola beradigan an’anaviy paxta navlaridan 1-2 toifadagi tolani olish imkonini beradigan navni yaratdi. Ushbu paxta navidan sintetik tola qo‘shmasdan yuqori sifatli to‘qimachilik mahsuloti, ya’ni ko‘ylakbop mato ishlab chiqarish mumkin.
Bugun paxta yetishtiradigan mamlakatlarda 60 foizdan ortiq gen- modifikatsiyalashtirilgan g‘o‘za navlari yetishtirilmoqda va ularning biologik hujayralariga begona insektoksin gen kiritilmoqda. Mamlakatimiz olimlari o‘simliklar modifikatsiyasi uchun ma’qul bo‘lgan, ya’ni bevosita g‘o‘zaning o‘ziga zarur genni “qo‘shish” yoki “o‘chirish” mexanizmini ishlab chiqdi. Bunda hujayralar tuzilmasiga begona genlar qo‘shilmaydi. Ushbu texnologiya jonli tizimning har qanday geni uchun universal bo‘lib, uni boshqa qishloq xo‘jaligi o‘simliklari genini modifikatsiyalashtirish uchun qo‘llash mumkin. Texnologiya O‘zbekiston (ulushi 70 foiz) va AQShning xalqaro qo‘shma patenti bilan himoyalangan, shuningdek, dunyoning 140 dan ortiq mamlakatida patentlashtirilgan. So‘nggi yillarda yangi “Porloq” navi uchun urug‘ materiallari olindi va ishlov berish uchun yetarlicha yuqori sifatli paxta hosili to‘plandi. Paxta tolasini mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatiga tezroq joriy etish va ushbu toladan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilish muhim vazifa hisoblanadi. Ushbu loyiha mamlakatimiz yengil sanoatining brendiga aylanishiga ishonchimiz komil.
Bugungi kunda markaz xodimlari bug‘doyning yangi navini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ushbu nav makaron va non sanoati uchun tarkibida kleykovina miqdori yuqori bo‘lgan un olish imkonini beradi. Shuningdek, hosildorlikni pasaytiradigan zang kasaliga chidamli yangi bug‘doy navi ham yaratilmoqda.
Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti olimlari turli kasalliklarga chidamli va mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan, yuqori hosil beradigan ertapishar kartoshka navini yaratish ustida ish olib bormoqda. Kartoshkaning infeksiyalar yuqmaydigan sara urug‘lik navi olingani olimlarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan so‘nggi yutuqlardan biridir. Buning natijasida birlamchi urug‘chilik muammosi hal qilindi. Kelajakda mamlakatimiz urug‘lik kartoshkani chetdan olib kelishdan voz kechish barobarida uni eksport qilishi ham mumkin. Kartoshkachilik xo‘jaliklari esa yurtimizda yetishtirilgan sifatli urug‘lik materiali bilan ishonchli ta’minlanadi. Institutda yaratilgan va kartoshkaning 150 xil navini o‘z ichiga olgan biotexnologik kolleksiya bugungi kunda Fanlar akademiyasining noyob obyekti hisoblanadi. Ushbu navlarning ba’zilari tarkibida temir va rux moddasining yuqori miqdorda mavjudligi bilan ajralib turadi.
O‘simlik moddalari kimyosi va Bioorganik kimyo institutlari jamoalari Allapinin, Ragosin, Gozalidon, Ekdisten, Rutan, Medamin, Gossitan kabi ellikdan ortiq dori vositalarini yaratdi. Ularning katta qismi farmatsevtika sanoatida o‘zlashtirildi va dorixonalarda sotilmoqda. Qator preparatlar esa chet elga eksport qilinayotir.
O‘simliklarning biologik faol moddalari banki yaratilib, unda aksariyatidan kelajakda dori-darmonlar tayyorlash mumkin bo‘lgan besh mingdan ziyod shunday moddalar saqlanmoqda. Biologik faol birikmalarning ushbu banki dunyodagi ko‘plab ana shunday banklardan biri bo‘lib, mamlakatimizda yangi farmatsevtika vositalarini yaratish uchun istiqbolli investitsiya loyihasiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Ayni paytda xalqaro me’yorlar va ishlab chiqarish shartlariga muvofiq, ushbu dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ularni xalqaro patentlar bilan himoyalash zarur. Bu eksport hajmini sezilarli ravishda oshirish va qo‘shimcha valyuta mablag‘larini jalb etish imkonini beradi.
Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari tomonidan mahalliy xomashyo asosida yuqori samara beradigan o‘g‘itlar, o‘stiradigan vositalar, defoliantlar va boshqa kimyoviy preparatlar olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqildi. Ular ayni paytda sanoatda o‘zlashtirildi va qishloq xo‘jaligi ehtiyojini to‘la ta’minlamoqda, shuningdek, eksportga ham yetkazib berilayotir.
Fiziklar, energetiklar va materialshunos olimlar ham innovatsion taraqqiyotga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Jumladan, ular tomonidan yaratilgan samarali yadroviy texnologiyalar asosida radiopreparatlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va eksport qilinmoqda. Ta’kidlash kerakki, ishlab chiqarish va eksport hajmi yil sayin ortib bormoqda. Mamlakatimizning yirik korxonalari va iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlarida energiya tejash va uning samaradorligini oshirish texnologiyalarini ishlab chiqish sohasida ham muhim ilmiy-amaliy natijalarga erishilmoqda. Kremniy asosida fotoo‘zgartgichlar yaratilishi va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, gelio-materialshunoslik va priborsozlik sohalarida ham salmoqli yutuqlarga erishildi.
Ilm-fanning yuksak intellektual salohiyati va yuqori texnologiyali ishlanmalar innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish asosi hisoblanadi. O‘zbekistonda ilm-fanni boshqarish tizimining isloh etilishi fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish, yangi ishlanmalarni joriy etish va ulardan amaliyotda foydalanishga qaratilgan innovatsion ishlarni rivojlantirishning amaliy mexanizmini yaratish imkonini berdi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkalari amaliy tadqiqotlarni joriy etish va ularning natijalarini tijoratlashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarish, innovatsion mahsulotlar ishlab chiquvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi yaqin aloqani ta’minlashning muhim mexanizmlaridan biriga aylandi.
Ushbu innovatsion forum innovatsion rivojlanish jarayonlarini jadallashtirishdek muhim vazifani hal etishda sanoatchilar, olimlar, tadbirkorlar, moliyachilar sa’y-harakatlarini birlashtirishga yordam berayotir. 2008-2015-yillarda o‘tkazilgan yarmarkalar natijalari buning yorqin tasdig‘idir. Ushbu yarmarkalarda to‘rt mingdan ziyod innovatsion g‘oya va ishlanmalar, texnologiyalar namoyish etilib, umumiy qiymati 110 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan uch mingdan ortiq shartnoma imzolandi. Natijada mamlakatimizda qiymati bir trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan yangi mahsulotlar ishlab chiqarildi. Joriy yilgi VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari va ilm-fan kabi besh yo‘nalish bo‘yicha 600 dan ortiq innovatsion loyihalar namoyish etildi. Yarmarka yakunida umumiy qiymati 25 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 780 ga yaqin shartnoma imzolandi. Ayni paytda kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklarining innovatsiyalarga qiziqishi ortganini ta’kidlash joiz. Forumda ular tomonidan 15,7 milliard so‘mlik (yoki umumiy hajmning 61 foizi) 610 shartnoma (umumiy miqdorning 78,6 foizi) imzolandi.
O‘tkazilgan VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasining yana bir muhim yutug‘i shundaki, unda yosh olim va talabalarning 70 loyihasi namoyish etildi. Bu umumiy ilmiy eksponatlarning 9 foizini tashkil qildi. Ular yarmarkada gen muhandisligi, hujayra texnologiyalari, farmatsevtika, biotexnologiya, nanotexnologiya va robot texnikasi, quyosh energiyasidan foydalanish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha innovatsion ishlanmalarni namoyish etdi. Bu yarmarka doirasida “Yoshlarning innovatsion g‘oyalari” respublika tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni aniqlash imkonini berdi. Tanlov g‘oliblariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
O‘tgan innovatsion yarmarkalar ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish, Fanlar akademiyasi va oliy o‘quv yurtlari ilmiy bo‘linmalari innovatsion ishlanmalarini “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining viloyat boshqarmalari va boshqa yirik sanoat korxonalarida joriy etishni faollashtirdi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa sektorlariga innovatsion ishlanmalarni joriy etish borasida ijobiy natijalarga erishilayotganiga qaramasdan, kashf etish va ixtironi o‘zlashtirish, uni tijoriylashtirish va yakuniy mahsulot ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan innovatsion jarayonning barcha bosqichlarini birlashtiradigan uzluksiz tizimni yanada izchil rivojlantirish zarur.
Ayni paytda mamlakatimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari va universitetlarda qo‘llashga tayyor bo‘lgan ilmiy texnologiyalar mavjud. Qator innovatsion ishlanmalarni tajriba-sanoat sinovidan o‘tkazish, ularni me’yoriy hujjatlar bilan rasmiylashtirish, biznes reja tuzish va boshqa choralarni amalga oshirish ishlari yakunlanmoqda. Ushbu ishlanmalar Davlat byudjetidan yoki ko‘proq iqtisodiyotning asosiy manfaatdor tarmoqlari va yetakchi korxonalari tomonidan moliyalashtirilishi muhimdir. Ularni tijoratlashtirish uchun esa innovatsiya g‘oyalarini ilgari suradigan ixcham vositachi tashkilotlar, jumladan, moslashuvchan, olimlarimiz tomonidan yaratilgan innovatsiyalarni taklif etish hisobidan tarmoqlarni innovatsion rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab vazifalarni hal etadigan ishlab chiqarish tuzilmalari ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan kichik vositachilik firmalari tashkil etish zarur. Ular olimlarimiz tomonidan yaratilgan innovatsiyalarni rivojlantirish hisobiga tarmoqlarni innovatsion rivojlantirishga doir ko‘plab vazifalarni hal qiladi. Kichik va o‘rta biznesning yuqori texnologiyali korxonalarining innovatsion jarayonda ishtirok etishi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etish imkonini beradi.
Innovatsion iqtisodiyot aslida bilimlar iqtisodiyotidir. Ta’lim va universitetlarda fan, texnika va texnologiyalar sohasida mutaxassislar tayyorlash mamlakatimizni innovatsion rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Innovatsiyalarni yanada kengaytirish va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishda zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, iqtisodiyot, patentlash, menejment, marketing va tijoratlashtirish sohasida bilimli va yuqori malakali mutaxassislar talab etiladi. Shu bois mamlakatimizning texnika yo‘nalishidagi aksariyat oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlarida ishlab chiqarish, tarmoqlar va umuman, mamlakatimiz kesimida tabaqalashtirilgan innovatsiya jarayonlarini tashkil etish va uning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish masalasiga ko‘p vaqt ajratilishi zarur. Bundan tashqari, korxonalar rahbarlari va yetakchi mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha innovatsion jarayonni tashkil etish va uning afzalliklari xususida zarur bilimga ega bo‘lish imkonini beradigan kurs va dasturlarni tashkil etish lozim.
Katta iqtisodiy samara beradigan eng yaxshi milliy ishlanmalarni tijoratlashtirishni jadallashtirish uchun yangi innovatsion tuzilmalar (ilmiy-o‘quv va idoralararo markazlar, yuqori texnologiyalar markazlari, texnoparklar, start-ap firmalar va boshqalar), shuningdek, ularni amalga oshiradigan korxonalarni tashkil etish kerak. Innovatsion jarayonning jadallashuvi savdo bozori uchun kurashishda qo‘shimcha afzalliklar beradi. Zero, bugun innovatsiyalarni boshqalardan ko‘ra tezroq joriy qilganlargina muvaffaqiyatga erishadi.
Muxtasar aytganda, mavjud me’yoriy-huquqiy, tashkiliy-iqtisodiy, moliyaviy, soliq, infratuzilma, moddiy-texnik va axborot shart-sharoitlarini yanada rivojlantirish, davlat ahamiyatiga molik innovatsion vazifalarni amalga oshirish va innovatsion iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish maqsadida kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga oid siyosatni amalga oshirish zarur.
Shavkat Solihov,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi prezidenti.