Ingliz tili kundalik muloqot vositasi sifatida o‘rgatilmoqda
Yozgi ta’til aksariyat o‘quvchilar uchun dam olish fasli bo‘lsa, Jizzaxdagi yuzlab o‘g‘il-qizlar uchun u yangi bilim va imkoniyatlar mavsumiga aylanmoqda. Ayniqsa, xorijlik o‘qituvchilar ishtirokida tashkil etilgan mashg‘ulotlar yoshlarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirmoqda.
Maktablarda o‘quv yili yakunlangan bo‘lsa-da, Jizzax viloyatidagi qator ta’lim muassasalarida hayot qaynoq. Yozgi sog‘lomlashtirish va ta’lim oromgohlarida bolalar nafaqat mazmunli dam olmoqda, balki yangi bilim va ko‘nikmalarni ham egallamoqda.
Davlatimiz rahbarining xorijiy tillarni o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida viloyatdagi 10 ta maktabda xorijlik o‘qituvchilar ishtirokida maxsus mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Shulardan biri Jizzax shahridagi 12-sonli umumta’lim maktabidir.

Bu yerda Janubiy Afrika Respublikasidan kelgan pedagog Busisva Nkasa ingliz tilidan dars bermoqda. Uning interaktiv usullarga asoslangan mashg‘ulotlari o‘quvchilarning erkin muloqot qilish, to‘g‘ri talaffuz va amaliy nutq ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilyapti. Ta’lim jarayonida ingliz tili fan sifatida emas, balki kundalik muloqot vositasi sifatida o‘rgatilmoqda.
Mutaxassis O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda xalqaro hamkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan maxsus dastur asosida faoliyat yuritmoqda. Bu esa ta’lim sifatini xalqaro mezonlarga yaqinlashtirish bilan birga, o‘quvchilarning til muhitiga chuqurroq kirib borishi uchun imkoniyat yaratmoqda.

— Ilgarilari ingliz tilida gapirishga ikkilanardim. Hozir esa erkin muloqot qilishga harakat qilyapman. Darslardagi o‘yinlar va jamoaviy mashqlar til o‘rganishni yanada qiziqarli qilmoqda, — deydi 6-sinf o‘quvchisi Elbek Xudoyqulov.
E’tiborlisi, mazkur oromgohda ingliz tili bilan bir qatorda rus tili, kompyuter savodxonligi va sport yo‘nalishlari bo‘yicha ham mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa bolalarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularda mustaqil fikrlash va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Bugun viloyatning Baxmal, Arnasoy, Sharof Rashidov tumanlari hamda boshqa hududlardagi qator maktablarda xorijlik ustozlar ishtirokidagi mashg‘ulotlar davom etmoqda. Bu esa ta’lim sohasida xalqaro tajribani keng joriy etish, eng muhimi, yosh avlodning raqobatbardosh bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan amaliy qadamlardan biridir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri