Yangi uslub asosida ingliz tili o‘rgatilmoqda
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi metodik tavsiyalar aynan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga mo‘ljallangan. Qo‘llanma 72 soatlik taqvimiy mavzular rejasi, dars ishlanmalari, kommunikativ o‘yinlar va foydali resurslar jamlanmasidan iborat.
Ushbu tavsiyalarni tayyorlashda viloyatdagi eng tajribali va salohiyatli pedagoglar jalb etilgan bo‘lib, unda 5-7-yoshli bolalarning yosh xususiyatlari va o‘zlashtirish imkoniyatlariga alohida ahamiyat qaratilgan.
Yangi 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab viloyatdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mazkur qo‘llanma asosida ingliz tili o‘rgatilmoqda.

Jumladan, Buxoro shahridagi 76-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ham bugun yangi qo‘llanma asosida bilimlarni o‘zlashtirmoqda.

– Har bir mashg‘ulot qiziqarli o‘yinlar bilan boyitilgan, –deydi MTTning ingliz tili fani o‘qituvchisi Malika Saidova. – Binobarin, o‘yinlar bolajonlarga xorijiy tillarni o‘qitishda eng samarali va sifatli vosita hisoblanadi. O‘yin jarayonida uyatchan yoki xato qilishdan xavotirda bo‘lgan bolalar ham faol ishtirok etishga intiladi. Muhimi, bolajonlarning ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan intilishi oshib bormoqda. Bundan ota-onalar ham xursand.


Ma’lumot uchun: mutaxassislarning fikricha, inson umr bo‘yi to‘playdigan bilimlarining 80 foizidan ortig‘ini 6 yoshiga qadar egallaydi. Demakki, inson hayotida 6 yoshgacha bo‘lgan davr – muhim hisoblanadi. Bu davrda xorijiy tillarni o‘rgatish ham samarali kechadi. Til o‘rganish – bola xotirasini mustahkamlash barobarida dunyoqarashni ham kengaytirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri