“Informatikachi” ustozlar sinovdan o‘tmoqda
Xorazmda informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari uchun malaka ya’ni test sinovlari boshlandi.
Urganch shahridagi 17-umumta’lim maktabi bazasida tashkil etilgan “Bilim va malaka sinov markazi”da tashkil etilgan mazkur sinovlar pedagoglarning kasbiy salohiyatini aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, informatika fani o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan sinovlarda jami 579 nafar pedagog ishtirok etmoqda.

– Test savollarining tuzilishiga pedagoglarning nafaqat nazariy bilimlari, balki kasbiy mahorati va tezkor fikrlash qobiliyati ham sinovdan o‘tkazilmoqda, – deydi Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Tursunbek Nurmetov. – Mazkur jarayon shunchaki navbatdagi test sinovi emas, balki ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish va o‘z ustida ishlayotgan izlanuvchan ustozlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Test sinovlari jarayonlarining ochiqligi va xolisligini ta’minlash maqsadida markazda barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, sinovlar zamonaviy texnik vositalar yordamida qat’iy nazorat qilinmoqda. Shuningdek, jarayonlarni maxsus havola orqali internetda to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyati ham mavjud.
Zero, jamiyatning ertangi kuni bevosita bugungi o‘qituvchining salohiyati va zamonaviy bilimlarni qay darajada egallaganiga bog‘liq.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri