Ustoz sabog‘i – umr yo‘liga chiroq
Inson hayotida shunday kasb egalari borki, ularning mehnati natijasini bir kun, bir yil yoki hatto bir umr bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Chunki ular insonning buguni emas, ertasini tarbiyalaydi. Shunday ulug‘ kasb egalaridan biri – o‘qituvchi.
Biz bugun jadal o‘zgarib, tobora globallashib borayotgan jamiyatda yashayapmiz. Ilm-fan, texnologiya va axborot oqimi hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Bunday sharoitda insondan doimo izlanish, o‘rganish va zamon bilan hamnafas bo‘lish talab etiladi. Zero, bugungi taraqqiyotdan bir qadam ortda qolish ertangi imkoniyatlarni boy berishga olib kelishi mumkin.
Shu ma’noda, har bir inson o‘z oldiga oddiy, ammo muhim bir savolni qo‘yishi tabiiy: “Men bugun taraqqiyotga qanday hissa qo‘shyapman?”
Bu savolga javob izlash insonni o‘z ustida ishlashga, bilim olishga, maqsad sari intilishga undaydi. Insonda ana shunday intilishni shakllantiradigan, uning qalbiga ilmga muhabbat va ezgulik tuyg‘usini singdiradigan esa, avvalo, ustozdir.
Men bu haqda o‘ylar ekanman, o‘z hayotimda alohida o‘rin tutgan ustozlarimdan biri – Feruza Jalilova haqida o‘ylayman. U kishi bizga mutaxassislikka kirish fanidan saboq beradi. Bir qarashda bu oddiy dars jarayonidek tuyulishi mumkin. Ammo ustozning har bir mashg‘uloti ortida kelajak kasbimiz, tanlagan yo‘limiz va inson sifatidagi shakllanishimiz bilan bog‘liq katta mas’uliyat borligini tobora chuqurroq anglab boryapmiz.
O‘qituvchining mehnati faqat dars berishdan iborat emas. Ustoz bizga harf tanishdan boshlab, mustaqil fikrlash, to‘g‘ri qaror qabul qilish, xatodan xulosa chiqarish va o‘z imkoniyatlarimizga ishonishni o‘rgatadi. Ba’zan bir og‘iz tanbeh, oddiy maslahat, yana “Sen bunga qodirsan” degan ishonchli so‘z inson hayotida katta burilish yasashi mumkin.
Bolalikdagi sho‘xliklar, o‘smirlikdagi beqarorliklar, yoshlikdagi izlanishlar davrida insonga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan ustozning o‘rni beqiyos. U bizni cheklash uchun emas, aksincha, imkoniyatlarimizni to‘g‘ri yo‘naltirish uchun qoida va talablarni belgilaydi.
Aslida, jamiyat taraqqiyotining eng muhim poydevorlaridan biri ham ta’limdir. Ta’limning yuragi esa – o‘qituvchi. Zero, bugungi shifokor, muhandis, olim, huquqshunos, davlat xizmatchisi yoki boshqa kasb egasi bo‘lib yetishgan insonning hayot yo‘lida albatta bir ustozning mehnati bor.
Tariximizga nazar tashlasak, bu haqiqat yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Qoshg‘ariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning ilm va tafakkuri keyingi avlodlar uchun hamon maktab bo‘lib xizmat qilmoqda. Ular o‘z davrining bilimlarini chuqur o‘zlashtirish bilan birga, ustozlardan olgan saboqlarini yangi kashfiyotlar va asarlar orqali yanada boyitgan.
Shu jihatdan ustoz mehnatining eng katta mukofoti ham shogirdning yutug‘i bo‘lsa kerak. O‘qituvchi o‘z nomini tarixga muhrlash uchun emas, shogirdining nomini yuksaklarga ko‘tarish uchun mehnat qiladi. Uning eng katta baxti bir vaqtlar ta’lim bergan o‘quvchisining el-yurtga naf keltirayotganini ko‘rish.
Men bugun Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining birinchi bosqich talabasi sifatida shu haqiqatni tobora chuqur his qilmoqdaman. Talabalik – yangi bilimlar, yangi mas’uliyat va katta maqsadlar sari qadam. Bu yo‘lda bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan, bilimimizdagi bo‘shliqlarni to‘ldiradigan, xatolarimizni to‘g‘rilashga yordam beradigan ustozlarimizning mehnati juda muhim.
Feruza Jalilova kabi o‘qituvchilarning saboqlari biz uchun faqat bugungi dars yoki imtihon uchun kerak emas. Ular biz tanlagan kasbga, kelajakdagi faoliyatimizga va eng muhimi, inson sifatidagi qarashlarimizga ta’sir qiladi.
Shuning uchun ham ustozni faqat bilim beruvchi inson sifatida qabul qilish kamlik qiladi. Ustoz – insonning qalbi va tafakkuriga yo‘l ochuvchi, uning imkoniyatlarini anglashga ko‘maklashuvchi, kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishiga turtki beruvchi inson.
Har birimiz hayotda o‘z o‘rnimizni topishga intilamiz. Ammo bu yo‘lda bizga yo‘l ko‘rsatgan insonlarni unutmasligimiz kerak. Chunki insonning yutug‘i ortida uning bilimi bilan bir qatorda, unga bilim bergan, ishonch bildirgan va qo‘llab-quvvatlagan ustozning ham mehnati mujassam.
Bugun talaba bo‘lib, ertaga shifokorlik mas’uliyatini zimmamizga olar ekanmiz, bizga ta’lim bergan ustozlarning har bir sabog‘i o‘z qiymatini namoyon etadi. Shunda inson bir haqiqatni yana bir bor anglaydi: ustoz mehnati bugun uchun emas, avlodlar kelajagi uchun qilinadi.
Zero, ustoz qoldirgan eng katta meros uning shogirdlari va ularning ezgu ishlaridir.
Go‘zal Sadriyeva,
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti
talabasi.
O‘zA