Indoneziyalik ziyoratchilar Buxoroda
Buxoro azaldan ilm-ma’rifat, tasavvuf va muqaddas qadamjolar maskani sifatida jahon ahlini o‘ziga maftun etib kelgan. Ayniqsa, keyingi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, ziyorat turizmi imkoniyatlarini kengaytirish va tarixiy-madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Indoneziyadan Buxoroga 1008 nafar sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 663 nafar sayyohga nisbatan qariyb 1,5 barobarga oshgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur raqamlar Buxoroning nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom olamidagi nufuzi tobora yuksalib borayotganini ko‘rsatadi.

Xususan, joriy yilning 2-may kuni Indoneziyadan 230 nafardan ortiq sayyohlar Buxoro viloyati turizm sohasi mas’ullari tomonidan samimiy kutib olindi. Ziyoratchilar dastlab Xo‘jagon tasavvufiy tariqatining murshidi, keyinchalik Naqshbandiya tariqati va ta’limotining haqiqiy asoschisi sifatida tanilgan, “Yetti Pir”larning birinchi namoyandasi — ulug‘ mutafakkir va insonparvar so‘fiy Abduxoliq G‘ijduvoniy maqbarasini ziyorat qildi.

Ushbu qadamjo nafaqat diniy-ma’rifiy ahamiyati, balki yuksak ma’naviy muhiti bilan ham ziyoratchilar qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Sayyohlar muqaddas maskanlarda duo qilib, Buxoroning boy tarixi va tasavvufiy merosi haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shundan so‘ng mehmonlar Buxorodagi qator ziyoratgoh va tarixiy obidalar bo‘ylab sayohatni davom ettirdi. Ular shaharning betakror me’moriy yodgorliklari, asrlar davomida saqlanib kelayotgan madaniy merosi hamda mehmondo‘st xalqiga alohida qiziqish bildirdi.

Indoneziyalik sayyohlar sonining ortishi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, Buxoroda ziyorat turizmining rivojlanishi hudud iqtisodiyoti, xizmat ko‘rsatish sohasi va milliy qadriyatlarning xalqaro miqyosda targ‘ib etilishiga ham katta hissa qo‘shmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.