12 aprel – Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani markazi Gagarin shahridagi sayyoramizning birinchi fazogiri Yuriy Gagarin haykali poyi gullarga burkandi.
1961 yil 12 aprelda sobiq Sovet Ittifoqi fuqarosi Yuriy Gagarin “Vostok” kosmik kemasida dunyoda birinchi bo‘lib Yer orbitasi bo‘ylab parvozni amalga oshirganiga 60 yil to‘ldi. 108 minut davom etgan parvoz insoniyatning fazoni o‘rganish tarixida yangi davrni boshlab berdi.
Inson ilk marta fazoga parvoz qilgan 12 aprel sanasi sobiq sovet ittifoqida 1962 yildan kosmonavtika kuni sifatida nishonlanib kelingan. BMT Bosh assambleyasining 2011 yil 7 apreldagi rezolyutsiyasi bilan Inson koinotga parvoz qilgan kun – Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Ushbu tarixiy sana Mirzacho‘l tumani markazi Gagarin shahrida har yili nishonlanadi. Shaharda birinchi fazogirning mahobatli haykali o‘rnatilgan.

Bu yil shaharda xalqaro kosmonavtika kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar an’anaga ko‘ra jahoning birinchi fazogiri Yuriy Alekseyevich Gagarin haykali poyiga gullar qo‘yish bilan boshlandi.
Odatda bu bayram nafaqat mirzacho‘lliklar,qo‘shni respublikalar vakillari ishtirokida o‘tadi. Bu yil ham shunday bo‘ldi. Gagarin shahriga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vakillari, Jizzax shahridagi 29-“Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari, rus, qozoq viloyat milliy madaniy markazlari, urush va nogironlar birlashmasi faollari, yoshlar, mahallalar vakillari, mehmonlar ishtirok etdi.
Shundan so‘ng tuman markazidagi birinchi maktabda xalqaro kosmonavtika kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tuman markazining Gagarin nomi bilan atalishi, shaharda birinchi kosmonavtga o‘rnatilgan haykal tarixi bo‘yicha yoshlarga batafsil ma’lumot berildi.
Yurtimizda koinotga ilk parvoz qilingan sananing nishonlanishida ham chuqur ma’no bor. Jahon falakiyoti ilmining Mirzo Ulug‘bekdek buyuk siymosi voyaga yetgan O‘zbekistonning kosmonavtika taraqqiyotidagi, dunyoning birinchi fazogiri hayotidagi tutgan o‘rni ham tarixiy ahamiyatga ega.
Yuriy Gagarin O‘zbekistonga tez-tez mehmonga kelib turganligini bugun katta avlod vakillari yaxshi eslashadi. U 1961 yildan 1968 yilgacha Respublikamizga olti marta kelgan.
U serquyosh yurtimizni, mehnatsevar, samimiy o‘zbek xalqini juda hurmat qilgan, safarlari davomida ko‘plab jamoat, madaniyat va san’at arboblari, yoshlar, oddiy odamlar, paxtakorlardan do‘stlar orttirgan. O‘sha davrning gazeta va jurnallarida, kinolavhalarda uning o‘zbek do‘ppisini kiyib, o‘zbekcha raqsga tushayotgan suratlarni ko‘plab uchratish mumkin.
O‘tgan asrning 60-yillarida Mirzacho‘lni o‘zlashtirish Butunittifoq zarbdor qurilishi deb e’lon qilingan. Hozirgi Mirzacho‘l tumanida dastlabki gektar yerlar o‘zlashtirilgan, dastlabki sovxozlar barpo etilgan. 1967 yilda bu yerda cho‘ldagi dastlabki tuman — Mirzacho‘l tashkil etilgan. Tuman markaziga Gagarin nomini berishda ham Mirzacho‘lni o‘zlashtirishning mamlakatda tutgan ahamiyati kosmosni o‘zlashtirishdan kam emas, degan fikrdan kelib chiqilgan.
Oradan ko‘p o‘tmay shaharda Yuriy Gagaringa mahobatli haykal o‘rnatildi. Uning ochilishida ko‘plab mashhur kishilar qatorida kosmonavtlar tayyorlash otryadi rahbari G.Beregovoy ishtirok etgan.

Shu nuqtai nazardan ham Mirzacho‘l tumani markazi koinotga ilk parvoz qilgan inson xotirasiga uning nomi bilan atalishida ilmiy-mantiqiy asoslar bor.
– Ilm-fandagi buyuk ishlar butun insoniyatning boyligiga aylanishi hayot qonuni, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Tatyana Kizenko.
– Birinchi bo‘lib koinotga parvozni amalga oshirgan Yuriy Gagarin jasorati ham bunga yorqin misol. Mana 60 yildirki bu jasorat insoniyatni fan-texnika sohasida yangi kashfiyotlarga ruhlantirib kelmoqda. bugungi sanaga bag‘ishlangan tadbir ham yoshlarimizning kosmonavtika sohasiga qiziqishlarini oshirishga xizmat qiladi.
Hozir Gagarin shahriga turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar birinchi kosmonavtga o‘rnatilgan haykalni ziyorat qilishadi. Ayniqsa, keyingi yillarda Gagarin shahri “Obod qishloq” davlat dasturi asosida qayta qurilishi bilan yana tilga tushdi. Endi bu shaharcha yanada obod va go‘zal bo‘lmoqda.
Dastur doirasida o‘tgan asrning 60-yillarida vaqtincha yashash uchun qurilgan
barak tipidagi uylarda yashovchi ikki mingga yaqin aholi uchun ko‘p qavatli yangi zamonaviy uylar qurildi. “Xotira xiyoboni”, Yuriy Gagarin va “Cho‘lquvarlar” haykallari ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirildi. Qozoq drama milliy teatri binosi mukammal ta’mirlanib, “O‘zbek-Qozoq” madaniyat markazi tashkil etildi. “Yoshlar istirohat bog‘i” barpo etildi.
Shaharda birinchi fazogir nomi bilan bog‘liq yana bir madaniy maskan barpo etilmoqda. O‘tgan yili tashkil etilgan “Kosmonavtlar va cho‘lquvarlar” o‘lkashunoslik muzeyi yaqin kunlarda ishga tushadi.
Faqat nomi emas, tarixi ham kosmonavtika bilan bog‘liq Gagarin shahrida Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni bu yil ham munosib nishonlandi.
T. BEKNAZAROV, Yu. STAROJUK (surat), O‘zA