Bugun —"Xalqaro kosmonavtika kuni"
Mashhur san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning "Oltin qanot qushlar uchsin, qushlar uchsin, Bizni mudom baxtlar quchsin, baxtlar quchsin" qo‘shig‘ini haligacha xalqimiz sevib tinglaydi. Hofizning "Oltin qanot qushlar uchsin" qo‘shig‘i aynan osmonni zabt etgan kosmonavtlarga bag‘ishlangan. Ushbu qo‘shiqni mashhur kosmonavt Solijon Sharipov ham kosmosda turib eshitganligini faxr bilan eslaydi.
Har yili aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida dunyo sivilizatsiyasi tarixidagi eng muhim voqealardan biri, insoniyat tomonidan kosmosni o‘zlashtirish erasining boshlanishi va XX asrning kashfiyoti deya ta’riflanuvchi "Xalqaro kosmonavtika kuni" keng nishonlanadi.
Ya’ni, 1961 yil 12 aprel sanasida sayyoramizning birinchi kosmonavti, afsonaviy harbiy uchuvchi Yuriy Alekseyevich Gagarin ilk bora "Vostok" nomli kosmik kemada Qozog‘iston hududida joylashgan "Boyqo‘ng‘ir" kosmodromidan 108 daqiqa davom etgan yer shari atrofidagi orbital parvozini amalga oshirgan.
Mazkur tarixiy voqea kosmik tadqiqotlar sohasida katta imkoniyatlarni ochib berdi. 1962 yildan boshlab bu sana kosmonavtika kuni sifatida keng nishonlanadigan bo‘ldi. Ahamiyatlisi, 2011 yilning 7 aprelidagi BMT rezolyutsiyasi orqali esa tashkilot Bosh assambleyasi 12 aprelni xalqaro kosmonavtika bayrami sifatida nishonlash haqidagi qarorni qabul qildi.

Qolaversa, olimlar ayni shu sanani fazoni o‘zlashtirish bo‘yicha AQSHning Space Shuttle shatllar parvozi loyihasi ham amalga oshgani bilan bog‘lashadi. Ta’kidlanishicha, Jon Kennedi nomli kosmik parvozlar markazidan start olgan kosmik kema ikki kun va olti soatdan sal ko‘p vaqt mobaynida ochiq fazoda uchgan va yana Edvards harbiy bazasiga qaytib kelib qo‘ngan.
Shu voqealar sabab jahon maydonida kosmik tadqiqotlar jadal sur’atlar bilan rivojlanib bordi va kosmonavtika – fan va amaliy faoliyat sohalarining o‘ziga xos sinteziga aylandi. Ya’ni, kosmik tadqiqotlar koinot, yer, sayyoralarning kelib chiqishi kabi bilimlarni rivojlantirish uchun ulkan nazariy va eksperimental ma’lumotlar berdi.
Kosmos – tibbiyot, biologiya, materialshunoslik, sayyoralar atmosferasi va qa’ri kimyosi, astrogeologiya va boshqa ko‘plab ilmiy fanlar majmuasi yaratilishiga sabab bo‘ldi. Kosmik tadqiqotlar asosida bir qator ilmiy va amaliy sohalar va texnologiyalar shakllandi. Masalan, yerni masofadan turib zondlash va sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi, dunyo axborot resurslariga ulanish, raqamli eshittirish, aloqa, kuzatuv xizmatlarining jadallashishi, sun’iy yo‘ldosh mobil telefoniyasi, internet va ma’lumotlarni onlayn uzatish imkoniyatlari yaratildi.
Xalqaro kosmonavtika kuni mamlakatimizda ham har yili keng nishonlanadi. Sababi, O‘zbekiston uchun bu soha begona emas. Xususan, Qozog‘istondagi "Boyqo‘ng‘ir" kosmodromi qurilishida o‘zbeklar faol ishtirok etgan. U yerga bizning aloqachilarimiz, quruvchilarimiz va boshqa mutaxassislarimiz yuborilgan.
Qaysi sayyoraga Jonibekov nomi berilgan?
Qayd etish lozim, fazoni tadqiq etishda O‘zbekiston kosmonavtlarining ham ishtiroki salmoqli bo‘lgan. O‘zbekistonda tug‘ilgan sovet kosmonavti, aviatsiya general-mayori, Sovet ittifoqining ikki karra qahramoni va kema komandiri sifatida 5 marotaba kosmik parvozni amalga oshirgan eng tajribali uchuvchi, kosmonavt Vladimir Aleksandrovich Jonibekov — bizning vatandoshimizdir.
U koinotda 145 kun 15 soat-u 58 daqiqani muvaffaqiyatli o‘tkazgan. Xattoki, Jonibekov nomi bilan 3170-sonli kichik sayyora ham nomlangan.
Solijon Sharipov koinotda 10 soat bo‘lgan
Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi va Qirg‘iziston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasining "Buyuk xizmatlari uchun" va "Amir Temur" ordenlari sovrindori, dunyoning 372-, Rossiyaning 88- va birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Shokirovich Sharipovni ham aytib o‘tish lozim.
U 1998 yilda SpaceShuttleIndevor kosmik kema komandiri sifatida ilk parvozni amalga oshirgan va umumiy hisobda 10 soat davomida ochiq koinotda bo‘lgan.
Kosmik sanoatga xizmat qilgan zavod va tashkilotlar
Ulardan biri TAPOiCh nomi ostidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi edi. 1977- yildan 1987- yilgacha zavodda kosmonavtlarni vaznsizlik sharoitida sinab ko‘rish uchun bir nechta IL-76 MDK laboratoriya samolyotlari qurilgan. Ushbu samolyotlarda yuzdan ortiq sovet, rus va xorijiy kosmonavtlar tayyorlangan. Zavodga ko‘plab astronavtlar tashrif buyurishgan, ular samolyotlarni loyihalash va qurish bo‘yicha maslahat berishgan.
Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi
1978 yilda Moskva bosh mashinasozlik konstruktorlik byurosining Toshkentdagi filiali ham rasman ochilgan. Byuro Oy va Venerani tadqiq qilish, kosmik mahsulotlarni (shu jumladan diametri 30 metrgacha bo‘lgan antennalarni) ishlab chiqish, tayyorlash, sinovdan o‘tkazish, to‘liq o‘lchamli standart namunalarni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish uchun asboblar va jihozlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullangan.
“Kompozit” tajriba-sinov zavodi
1981 yilda Chirchiqda ToshKBM filiali – «Kompozit» tajriba-sinov zavodi tashkil etilgan. U kompozit materiallardan kosmik tuzilmalar uchun noyob qismlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarar edi. Zavod kompozitsion shishaplastik va ugleplastik hamda ulardan qilinadigan mahsulotlar tayyorlagan. Yengil, ammo po‘lat kabi kuchli materiallardan aerokosmik, harbiy va avtomobil sanoatida keng qo‘llanilgan.
Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti
1988 yilda Moskva kosmik markazlaridan birining filiali sifatida Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti (TashNIIKP) ish boshlagan. Oliygoh harbiy koinot yo‘nalishlari bilan shug‘ullangan. Qolaversa, tabiiy resurslarni aniqlash hamda xo‘jalik va ekologik faoliyatni tahlil qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlari holatini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston hududining sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini qayta ishlash bilan ham shug‘ullangan.
Soha rivoji uchun muhim hisoblangan yana biltta ob’ekt esa bu “Nevich” yig‘ilish-sinov majmuasi bo‘lgan. 1980-yillarning boshlarida Toshkent viloyatining Parkent tumanida TashKBMning «Nevich» yig‘ilish-sinov poligoni qurilgan. U yerda ko‘p sonli stendlar va mexanik korpuslar, radiotelemetrik va boshqa o‘lchash uskunalari, yig‘ish sexlari va ustaxonalari bo‘lgan noyob eksperimental inshootlar yaratilgan va sinovdan o‘tkazilgan.
“Suffa” rasadxonasi va radioteleskopi
1982 yilda O‘zbekistonda, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Suffa platosida radioastronomiya rasadxonasi qurilishi boshlangan. Uning asosiy ob’ekti 70 metrli radioteleskop bo‘lib, u millimetr diapazonidagi kosmik nurlanishni ham aniqlay oladigan noyob uskunadir. Shunga o‘xshash vosita faqat San-Diyegoda (AQSH) mavjud bo‘lgan.
Rasadxona koinotda ilmiy tadqiqotlar olib borish va bu boradagi xalqaro dasturlarda hamkorlik qilish uchun qurilgan. SSSR parchalanishi tufayli qurilish muzlatib qo‘yilgan, ammo 2018 yilda u qayta tiklangan.
Nigora Rahmonova, O‘zA