“Ilk qadam” milliy dasturi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursi o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim-tarbiya jarayonining sifati va samaradorligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini amaliyotga samarali joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘i qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini maktabgacha ta’lim tashkilotlarida keng joriy etish bo‘yicha mentor-trenerlar va pedagoglarni tayyorlashga oid qisqa muddatli o‘quv kurslari 2026-yil aprel-avgust oylarida kaskad usulida tashkil etilishi belgilandi.
Qisqa muddatli o‘quv kurslari bir necha bosqichlarda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich shu yilning 6-10-aprel kunlari xorijiy mutaxassislar ishtirokida tashkil etilib, unda maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar pedagogik mahorat markazlarining malakali pedagoglaridan iborat mentor-trenerlar tayyorlanadi.
[gallery-28584]
Ikkinchi bosqich 2026-yil 20-apreldan 31-mayga qadar Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamda hududiy pedagogik mahorat markazlarida o‘tkazilib, unda mentor-trenerlar tomonidan tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari o‘qitiladi.
Uchinchi bosqich 2026-yil 1–30-iyun kunlari tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tashkil etilib, unda direktor o‘rinbosarlari tomonidan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlari o‘qitiladi.
To‘rtinchi bosqich 2026-yil 1-iyuldan 15-avgustga qadar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilib, unda direktor o‘rinbosarlari (direktorlar) tomonidan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun treninglar tashkil etiladi.
Joriy yilning 6-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda YUNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida mazkur qisqa muddatli o‘quv kursining birinchi bosqichiga rasmiy start berildi.
Mazkur o‘quv kurslaridan maqsad maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim-tarbiya sifatini yanada oshirish, pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini samarali joriy etish hamda pedagoglarni zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar asosida tayyorlashdan iborat.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, ikkinchi bosqich doirasida 325 ta tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarining direktor o‘rinbosarlari hamda hududlardagi ilg‘or pedagoglar jami 420 nafar mutaxassis qamrab olinadi. Uchinchi bosqichda esa 7 mingga yaqin davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlari o‘qitilishi rejalashtirilgan. To‘rtinchi bosqichda 7 mingga yaqin davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 122 mingdan ziyod pedagog xodimlar uchun treninglar tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026-yil may-iyun oylarida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida xorijiy mutaxassislar tomonidan tayyorlangan mentor-trenerlar ishtirokida respublikaning 13 ta pedagogika oliy ta’lim muassasalari talabalari va mutaxassislari uchun kaskad usulida o‘quv seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida 2026-yil iyun-iyul oylarida Toshkent pedagogika texnikumida pedagogika texnikumlarining maktabgacha ta’lim yo‘nalishi mutaxassislari uchun ham treninglar tashkil etiladi.
Mazkur chora-tadbirlar maktabgacha ta’lim tizimida metodik xizmatni takomillashtirish, pedagoglar malakasini tizimli oshirish hamda “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini keng va samarali joriy etishga xizmat qiladi.
N.Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari