O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori barqarorlikni ko‘rsatmoqda, hududlarda bitimlar soni va narxlar o‘sishi kuzatilmoqda. Ikkilamchi uy-joyga bo‘lgan talab yillik hisobda respublikaning aksariyat hududlarida yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Toshkentda uy-joy narxlarining pasayishi ijara bozorining barqarorligini saqlab qolmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida kuzatilayotgan o‘zgarishlar tahlilini taqdim etdi. 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakuniga ko‘ra, uy-joy sotuvlari 10,6 foizga oshib, 136,5 ming xonadonni tashkil etdi.
2025 yil iyun oyi yakuniga ko‘ra, 21 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatdan o‘tkazildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,7 foizga ko‘pdir.
2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozoridagi hududiy dinamika barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda. Faollikning eng sezilarli o‘sishi Jizzax (29,9 foiz), Navoiy (18,3 foiz) va Surxondaryo (17,7 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, Toshkent viloyatida bitimlar hajmi biroz kamaygani (2,6 foiz) kuzatildi.

Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foizga oshdi. Yillik hisobda o‘sish 1,8 foizni tashkil etdi.
Hududlar kesimida Jizzax viloyati iyun oyida uy-joy narxlarining biroz pasayganiga (-1,3 foiz) qaramasdan, yillik o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchilikni saqlab turibdi (11,7 foiz). Shu bilan birga, yillik hisobda ijobiy dinamika Surxondaryo (10,9 foiz), Xorazm (7,3 foiz) va Namangan (7,1 foiz) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,3 foiz) ham qayd etildi.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga pasaygani qayd etildi, yangi qurilgan uylar segmentida esa narxlar atigi 1,6 foizga kamaydi.
O‘tgan yilning iyun oyidan buyon poytaxtdagi ikkilamchi uy-joy narxlarining eng katta pasayishi Mirzo-Ulug‘bek (-7,6 foiz), Yashnobod (-7,3 foiz) va Chilonzor (-6,9 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Birlamchi uy-joy narxlarining eng sezilari pasayishi Uchtepa (-9,7 foiz), Yunusobod (-8,8 foiz) va Shayxontohur (-7,7 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Iyun oyida Toshkent shahrida ijara narxlarining barqarorligi kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichni saqlanib qoldi va bir kvadrat metr uchun 8,1 dollarni tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,3 dollarni tashkil etadi.
Yillik hisobda o‘rtacha ijara narxlari 2,6 foizga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida qayd etildi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA