O‘zbekiston bo‘yicha uy-joy savdosi hajmida o‘sish kuzatildi
O‘zbekistonda uy-joy sotib oluvchilar soni sezilarli darajada ko‘paydi.
Mart oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida keskin faollik kuzatilib, uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni fevral oyiga nisbatan 47 foizga oshdi va 43,6 mingtani tashkil etdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda ikki baravar ko‘p demakdir. Bunday o‘sishga qisman aprel oyidan boshlab joriy etilgan yangi hisob-kitob tartibi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, chunki xaridorlar xaridni tezroq rasmiylashtirishga harakat qilishgan.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax (73,2%), Sirdaryo (64,6%) va Namangan (63%) viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, boshqa viloyatlar va Toshkent shahrida faollik 40–50 foiz atrofida bo‘ldi.
Narxlar kon’yunkturasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar bir yilda o‘rtacha 10 foizga ko‘tarilgan. Bu borada Sirdaryo (22%), Samarqand (18,7%) va Andijon (17,6%) viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
Poytaxt Toshkentda esa yangi uylar bozoridagi narx o‘sishi (8,8%) ikkilamchi bozorga (5%) qaraganda ancha tezroq bormoqda. Xususan, Mirzo Ulug‘bek va Mirobod tumanlarida yangi qurilgan uylarning kvadrat metri uchun narxlar qariyb 15 foizga qimmatlashgan. Ijara bozorida ham yuqori o‘sish kuzatilib, Toshkentda ijara narxi o‘rtacha 10,8 foizga oshdi va har bir kvadrat metr uchun 8,9 dollarni tashkil etdi.
Eng qimmat ijara narxlari poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda, eng yuqori yillik o‘sish esa Yashnobod tumanida qayd etildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA