2025 yil yanvar oyida O‘zbekistonda ikkilamchi avtomobil bozorida mahalliy avtomobillar va elektromobillar narxi pasayishda davom etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tahlil natijalariga asoslanib xabar berdi.
Joriy oyda “Onix”, “Lacetti”, “Cobalt”, “Nexia”, “Spark” va “Damas” kabi mahalliy avtomobillarning narxi 0,5 foizdan 4,1 foizgacha arzonlashdi. Masalan, “Damas”ning ko‘p foydalanilgan varianti 4,1 foizga arzonlashgan bo‘lsa, “Cobalt”ning o‘rtacha foydalanilgani 2,4 foizga pasaygan. Shu bilan birga, lyuks toifadagi “Malibu”, “Equinox” va “Tracker” modellari ham 1,6 foizdan 2,9 foizgacha arzonlashgan.
Elektromobillar narxida ham tushish kuzatildi. Yangi BYD “E2” 1,8 foizga arzonlashib, $16 800 ga tushgan. Uning o‘rtacha foydalanilgan versiyasi esa 2,9 foizga pasaygan. BYD “Song Plus EV Champion”ning o‘rtacha foydalanilgani eng katta tushishni qayd etib, 3,6 foizga arzonlashgan.
Xorijiy avtomobillar bozorida ham pasayish tendensiyasi davom etmoqda. Masalan, “Elantra” ko‘p foydalanilgan versiyasi 4,8 foizga, “Seltos” esa 2,1 foizga arzonlashdi. “Tucson” va “Sportage” kabi modellar narxi ham tushgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA