Ikki marta shodlik, ikki hissa mas’uliyat
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrilik Shahlo Shukurova ovoz berishda ilk bor ishtirok etmoqda. Bugun uning uchun ikki hissa quvonchli kun. Birinchidan, ilk bor o‘zining konstitutsion huquqidan foydalanayotgan bo‘lsa, ikkinchidan aynan bugun – 24 oktyabrda tug‘ilgan, 18 yoshga to‘ldi.
U quvonchini yashirmadi.
– Bundan juda xursandman, – deydi Sh.Shukurova. – Ovoz berishda qatnashishim tug‘ilgan kunimga ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Partiyalar, nomzodlar tomonidan o‘tkazilgan tashviqot tadbirlarini kuzatib bordim. O‘zim munosib deb bilgan nomzodga ovoz beraman.

Eslatib o‘tamiz, saylovda Qashqadaryo viloyatidan 30 yoshgacha bo‘lgan 643 ming 351 nafar saylovchi ovoz berishda ishtirok etishi kutilmoqda. Ulardan 143 ming nafardan ortig‘i ilk bor ovoz beradigan yoshlardir.
Ma’lumot uchun, viloyat transport boshqarmasi tashabbusi bilan saylovchilarning uzog‘ini yaqin qilish uchun 100 ta avtobus hamda 120 ta yengil avtomobil bepul xizmat ko‘rsatmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA