Ona uchun eng og‘ir sinov — bu ko‘zining oq-u qorasi, jigarbandi, farzandining xastaligi, bevaqt o‘limini ko‘rish. Bunday og‘ir musibatga bardosh berish onadan metindek sabr, iroda talab etadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘rta Chirchiqlik onaxon o‘g‘li vaksina olganidan keyin vafot etgani aytilayotgan videolavhaga ko‘zim tushib qoldi. O‘g‘lidan bevaqt ayrilgan onaxonga, ularning yaqinlariga chuqur ta’ziyamni bildiraman, ularga sabr-bardosh tilayman.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan o‘tkazilayotgan tekshiruv natijalari e’lon qilingandan so‘ng bir xulosaga kelish mumkin. Videomurojaatdan anglaganim shu bo‘ldiki, onaxon odamlarga vaksina olishdan oldin yaxshilab tekshiruvdan o‘tishni tavsiya qilyapti, mutaxassislardan bu masalaga befarq bo‘lmaslikni o‘tinib so‘rayapti. Marhum yigitning qay darajada tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani yoki vaksina qabul qilganidan keyingi harakatlari qanday bo‘lganligini bilmaymiz.
Ammo Toshkent viloyatidan saylangan deputat sifatida ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bilan yaqin orada tanishib chiqishga va’da beraman. Qolaversa, ushbu holatga aloqador shifokor-mutaxassislarning sa’y-harakatlari, faoliyati xolisona baholanishiga hissa qo‘shish niyatim ham bor.
Kezi kelganda aytish kerak, bir necha yillik ish tajribasiga ega mutaxassis, shifokor sifatida ayta olaman, bemorlar har doim ham shifokor tavsiyasiga to‘g‘ri amal qilavermasligi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Vaksina olganidan keyin bemor ortiqcha jismoniy harakatlardan tiyilib turishi, salqin ichimliklar iste’mol qilmasligi, turli xil suvli havzalarda cho‘milmasligi, quyoshda ko‘p yurmasligi, 3 kun davomida qo‘l va oyoqqa muzdek suv tekkizmasligi tayinlab aytiladi. Lekin fuqarolarimiz bu tavsiyalarga har doim jiddiy e’tibor qaratmasligi ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘lmoqda.
Ochig‘ini aytganda, so‘nggi vaqtlarda vaksinaning nojo‘ya ta’siri haqida noo‘rin gap-so‘zlar ko‘paygani, bu gaplarni tarqatishga bosh-qosh bo‘layotganlarni tushunmayapman. Uzoqqa bormaylik, qonunchilik palatasidagi deyarli barcha deputatlar shu kunga qadar koronavirusga qarshi emlandi, lekin birontamizda og‘ir oqibatlarga sabab bo‘luvchi holatlar kuzatilmadi.
Shu bois, soha vakillari, surishtiruv organi xodimlarining tegishli xulosalari taqdim etilguniga qadar «vaksina sog‘lom insonning o‘limiga sababchi bo‘libdi» qabilidagi yuzaki xulosa qiluvchilarga og‘irroq bo‘lib, mutaxassislarning haqiqiy baholarini kutishni tavsiya qilgan bo‘lardim.
So‘zimning yakunida bir ma’lumotga e’tibor qaratsam, aynan emlash kampaniyasining to‘g‘ri amalga oshirilishi natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududida bo‘g‘ma, qoqshol, virusli V gepatiti kabi xavfli yuqumli xastaliklar uchramayapti. Bu esa butun dunyo bo‘yicha odamlarning sillasini quritayotgan kovid deb atalmish balodan qutulishning yagona yo‘li vaksinalash ekanligini yana bir bor isbotlaydi. Zotan, kasalni davolashdan ko‘ra, oldini olish ma’qul ekanligini kasallikni boshidan o‘tkazganlar, u bilan kurashganlar juda yaxshi tushunadi.
Yaqindagina koronavirus bilan kasallanish holati bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rin, o‘lim holati soni ko‘pligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turgan Hindistonda vaksinatsiyalash ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilishi natijasida koronavirusdan tuzalish nisbati 97 foizga yetdi. Qolaversa, mamlakatda emlash kampaniyasi to‘g‘ri tashkil etilishi Hindistonni iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar sirasiga olib kirdi. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirsa bo‘ladi.
Mutaxassis sifatida xulosam shuki, albatta, vaksina olish kerak, chunki koronavirusga qarshi eng samarali vosita ekanligini butun dunyo tan olgan va shu yo‘lda bormoqda.
Qizilgul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash
masalalari qo‘mitasi a’zosi