"Chinor" loyihasi madaniyat rishtalarini mustahkamlamoqda
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning milliy o‘zligini, ona tili va madaniy merosga asrab-avaylash yurtimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu ma’noda vatandoshlarning O‘zbekiston bilan ma’naviy va madaniy rishtalarini yanada kuchaytirish, yosh avlodni o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi va milliy qadriyatlari ruhida tarbiyalashga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ayni yo‘nalishda muhim vazifalar belgilangan. Jumladan, unda “Vatandoshlar” jamoat fondiga “Xorijdagi vatandosh maktab o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekistonda o‘zbek tili va adabiyoti fani bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasini o‘tkazish” yuzasidan vazifalar mavjud.
Bugun Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Chinor” loyihasining 2026-yilgi birinchi mavsumining ochilish marosimi mazkur vazifalar doirasida amalga oshirildi.
Tadbirda Turkiya, Tailand, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan 73 nafar vatandosh, “Nuroniy” jamg‘armasi faollari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Marosimning e’tiborli jihatlaridan biri o‘tgan yili “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan “Chinor” loyihasi ishtirokchilarining hayotiy hikoyalari, taqdirlari va yurt haqidagi taassurotlari jamlangan “Muazzam chinor” kitobining taqdimoti bo‘ldi.
[photobank-29900]
Loyiha doirasida 73 nafar vatandosh bir hafta davomida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasi hamda Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ijodkorlar bilan uchrashishi, bundan tashqari, yurtimizdagi “Nuroniy” jamg‘armasi faollari bilan “G‘alaba bog‘i”, “Shon-sharaf” muzeyi hamda “Millat fidoyilari" monumenti bilan tanishtirilishi nazarda tutilgan.
Loyiha nafaqat Toshkent shahri, balki Samarqand viloyatida ham bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar Samarqanddagi diqqatga sazovor me’moriy yodgorliklarni ziyorat qilib, viloyat nuroniylari bilan uchrashishadi.
Yil davomida loyihaning navbatdagi mavsumlari ham o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Marhabo Hojiakbarova,
Farhod Abdurasulov(foto), O‘zA