O‘zbekiston xalqi hayotidagi muhim tarixiy voqelik – referendum orqali Yangi O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qabul qilish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning har bir sohadagi tashabbuslari va qat’iy siyosiy irodasi bilan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan va Taraqqiyot strategiyasi asosida davom etayotgan keng qamrovli islohotlar va sa’y-harakatlar natijasida mamalaktimizda ijtimoiy davlat qurishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bunday ulkan o‘zgarishlarni nafaqat hammamiz bevosita guvohi bo‘lib turibmiz, balki jahon hamjamiyati ham e’tirof etmoqda.
Natijalar isbot talab qilinmaydigan aksioma bo‘lgani uchun ham misollarga ko‘p to‘xtalib o‘tirmasdan, ijtimoiy sohaga doir faqat bir-ikki asosiy jihatlarni keltirib o‘tish o‘rinlidir. Xususan,“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullarini olaylik. Bunda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishlari uchun sharoit yaratish, aholining bandligini ta’minlash va uning daromadlarini oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismiga davlat tomonidan kafolatli tizim orqali yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor berilmoqda. Ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, bolalar, ayollar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Yillar davomida aholini qiynab kelgan muammolarni hal etish maqsadida mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, aholining murojaatlari davlat organlari faoliyatining diqqat markazida bo‘ldi.
2022 yilda tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. 2017 yilda 500 mingta kam ta’minlangan oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilaga ko‘mak berilmoqda. Bu borada ajratilayotgan mablag‘lar 7 barobar ko‘payib, yiliga 11 trillion so‘mga yetdi.
Bu bilan kifoyalanmay, ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosati izchil davom ettirilmoqda. Albatta, bularning barchasining ortida inson qadri, uni e’zozlash, hayotdan, davlatdan rozi qilish yo‘lidagi oliy maqsadlar turibdi.
Oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurilgani, qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetgani ham fikrimizning yorqin ifodasidir.
Inson salomatligini saqlash uchun eng chekka tuman, mahallalar, eng olis hudud darajasigacha barcha tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Davlat rahbari 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida davlat xizmatchilari sonini bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqartirish va iqtisod qilinadigan mablag‘larni ijtimoiy masalalarga yo‘naltirish haqida to‘xtalganlari ham ijtimoiy sohaga e’tibor kun sayin kuchayayotganidan dalolatdir.
Bir so‘z bilan aytganda barcha islohotlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar “Inson qadri uchun”,“Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, “Davlat – inson uchun”,“Inson – jamiyat – davlat” degan xalqchil tamoyillar asosida olib borilmoqda.
Shu o‘rinda “Ijtimoiy davlat o‘zi nima?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Ijtimoiy davlat – insoniyat tarixiy taraqqiyotining muayyan davri mahsuli, davlatchilik rivojining maxsus bosqichi. Ijtimoiy davlat g‘oyasi, eng avvalo, qadimgi Sharqda, xususan, mutafakkir ajdodlarimiz tomonidan ilgari surilgan. Buyuk bobomiz Abu Nasr Forobiy ma’rifatli insonlar jamoasini, ideal jamiyat g‘oyasini «Fozil odamlar shahri» asarida tarannum etgan.
Ijtimoiy davlat barpo etish Alisher Navoiy bobomizning ham ezgu orzusi bo‘lgan. U insonlarning baxtli yashashi uchun munosib ijtimoiy muhit yaratish, farovon jamiyat qurish, ma’rifatli davlat boshqaruvi, adolatparvar va odil hukmdor, insonlar o‘zaro mehr-oqibatli va bag‘oyat ahloqiy bo‘lish kabi qarashlarni ilgari surgan edi. Shunga o‘xshash g‘oyalarni Nizomiy larni Nizomiy Ganjaviy, Sa’diy Sheroziy, Ahmad Donish singari qator allomalarimiz ijodida ko‘rishimiz mumkin.
Hozirgi “ijtimoiy davlat” tushunchasi ilk bor 1850 yilda nemis olimi Lorens fon Shteyn tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan. Uning ta’kidlashicha, davlat o‘z fuqarolarining ijtimoiy-iqtisodiy rivoj-lanishiga hissa qo‘shishi, barcha ijtimoiy tabaqalar uchun o‘z hokimiyati orqali shaxsiy huquqlarda mutlaq tenglikni ta’minlashi lozim. Bunda inson kamoloti davlat ravnaqi uchun zaruriy shart hisoblanadi.
Zamonaviy ilmiy manbalarda keng tarqalgan talqinga binoan, ijtimoiy davlat, eng avvalo, ijtimoiy adolat haqida, o‘z fuqarolarining farovonligi, ijtimoiy himoyalanganligi xususida g‘amxo‘rlik qiladigan davlatdir. Bunday davlat o‘z faoliyatini aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari: ishsizlar, mehnat qobiliyatini yo‘qotganlar, boquvchisidan mahrum bo‘lganlar, nogironligi bo‘lgan insonlar, bolalar, keksalarni ijtimoiy himoyalash bilan uzviy olib boradi.
Bunda “Ijtimoiylik”ning asosiy sharti insonga uning qadri, sha’ni va erkini asrab-avaylab munosabatda bo‘lishdir. Bu, o‘z navbatida, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari amalda to‘la ta’minlanishi va bu kafolatlanganligi bilan chambarchas bog‘liq. Ijtimoiy davlatning mohiyati uning oqilona ijtimoiy siyosatni amalga oshirishida, ayniqsa, inson va jamiyat manfaatlariga mos ijtimoiy funksiyalarni izchil ado etishida namoyon bo‘ladi. Shu bois bunday davlat faoliyatining muhim qismini ijtimoiy vazifalarni bajarish tashkil etadi.
Ijtimoiy davlatdagi ijtimoiy siyosatning asosiy konstitutsiyaviy asoslari:
– ish bilan ta’minlash va mehnat muhofazasi;
– mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini kafolatlash;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
42-modda.
Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi.
Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
– Sog‘liqni saqlash;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
48-modda.
Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli.
Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
– Oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasida bo‘lishi hamda qo‘llab-quvvatlanishi;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
76-modda.
Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir.
Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.
Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi.
78-modda.
Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.
Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
– Nogironligi bo‘lgan shaxslar, mehnatga layoqatsizlar va keksalarga g‘amxo‘rlik;
– ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
57-modda.
Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir.
Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi.
Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi.
– davlat pensiyalarini, boshqa to‘lov va nafaqalarni belgilash;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
46-modda.
Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega.
Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas.
– Ijtimoiy himoyani kafolatlashdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
19-modda.
O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi.
23-modda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi.
29-modda.
Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
50-modda.
Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.
Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi.
Ijtimoiy davlatning funksiyalari – aholi bandligini ta’minlash, jamiyat miqyosida moddiy boyliklarni byudjet yo‘li bilan muvozanatlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash va muhofaza etish, ta’lim-tarbiya borasida g‘amxo‘rlik qilish, odamlarga tirikchilik uchun eng kam me’yorni belgilash, oilani himoyalash, ijtimoiy ta’minot tizimini yo‘lga qo‘yish, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish kabilar.
Ijtimoiy davlatningasosiy konstitutsiyaviy xususiyatlari:
– kuchli ijtimoiy himoya siyosati;
– ta’lim sifati yuqoriligi va u insonparvarlik, xalqparvarlik, inson huquq va erkinliklariga rioya etishga yo‘naltirilgan bo‘lishi;
– kuchli jamoatchilik nazorati;
– fuqarolik jamiyati institutlari mavqei va ta’siri kuchli ekanligi;
– barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari inson va jamiyat (jamoatchilik) oldida mas’ulligi, javobgarligi hamda ularning manfaatlariga xizmat qilishi;
– davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik, qonuniylik, natijadorlik, sifat asosiy mezon hisoblanishi va faoliyat odamlarning muammolarini hal etib, ularni rozi qilish uchun yo‘naltiril-ganligi;
– korrupsiya deyarli sezilmaydigan darajada mavjud bo‘lishi (chunki bu illatni, istaymizmi-yo‘qmi, tag-tomiri bilan yo‘qotib bo‘lmaydi);
– davlat xizmatchilari, davlat hokimiyati vakolatlari va funksiyalarini bajaradigan har qanday shaxs, qanday lavozimda va martabada bo‘lmasin, halol, oddiy, kamtar, xalqparvar, samimiy va fidoyi bo‘lishi.
Shu o‘rinda yana bir jihatni ta’kidlab o‘tishni istardimki, ijtimoiy davlatda insonlar orasida hasadni yo‘qotish, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlash, xayr-saxovat tadbirlarini bardavom yo‘lga qo‘yish, insonlarning ichki dunyosini pok va ularni halol, bolaligidan o‘zining mehnatidan boshqa biror-bir usul yoki vosita orqali muvaffaqiyatga erishib bo‘lmasligi tushunchasi bilan tarbiyalash borasidagi sa’y-harakat-larga alohida e’tibor berish muhim ahamiyatga ega.
Ijtimoiy davlatchilik nafaqat Amerika va Yevropa, balki Osiyo davlatlarida, jumladan, Janubiy Koreya, Singapur va Yaponiyada ham rivojlanib bormoqda.
O‘zbekistonda bu borada o‘ziga xos yutuqlar bor va endilikda xalqimiz bu tizimni Konstitutsiya darajasida mustahkamlash arafasida turibdi.
Xuddi shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Prezidentimiz “ijtimoiy davlat” tushunchasini “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish”, deya izohlagan va o‘z navbatida, “Biz Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak”, deb ta’kidlagan edilar.
Mana, konstitutsiyaviy islohotlar natijasida tariximizda ilk bor Qonunchilik palatasi qabul qilgan va Konstitutsiyaviy sud ijobiy xulosa bergan hamda Senat ma’qullagan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun va u bilan yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” loyihalari 15 mart kuni rasmiy e’lon qilindi. Shuningdek, 30 aprel kuni referendum o‘tkazilishi belgilandi.
Umuman olganda, tub islohotlar natijasida shakllangan Yangi O‘zbekistonning amaldagi ijtimoiy davlat maqomi yurtimizning butun hududida oliy yuridik kuchga ega va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topmoqda.
Foziljon Otaxonov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi
Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori,
yuridik fanlar doktori, professor