Raqamli ta’lim sohasida O‘zbekiston va Finlandiya hamkorligi kengaymoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda raqamli ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi xalqaro hamkorlik o‘z istiqboliga ko‘ra samarali natijalarni ko‘rsatmoqda.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Finlandiya Milliy ta’lim agentligi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kasbiy va professional rivojlanish, STEAM va inklyuziv ta’limni rivojlantirish, informatika o‘qituvchilarining raqamli ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar Finlandiyaning zamonaviy ta’lim tajribasi asosida raqamli ta’lim metodologiyasini joriy etish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv davomida talabalar va pedagoglar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, raqamli ta’lim sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi, deyiladi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida. Muzokaralar chog‘ida Finlandiyaning ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalarini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamli ta’lim loyihalariga integratsiya qilish istiqbollari ham muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi hamda Finlandiya Milliy ta’lim agentligi o‘rtasida hamkorlik bayonnomasi imzolandi.
A.Rustamov, O‘zA