Asalarilarni muhofaza qilish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
O‘zbekistonda asalarichilik sohasini rivojlantirish va asalari oilalarini muhofaza qilishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizm joriy etildi. Xususan, 2026-yil 20-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “Asalari oilalarini joylashtirish, ko‘chirish va ular nobud bo‘lishining oldini olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
- Asalarilar qishloq xo‘jaligi ekinlarini tabiiy changlatishda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, meva-sabzavot, poliz, moyli va ozuqa ekinlarida asalarilar yordamida changlatish hosildorlikni sezilarli darajada oshiradi, - deydi "O‘zbekiston asalarichilari" uyushmasi raisi o‘rinbosari v.v.b Navro‘zbek Barakayev. - Dunyo tajribasiga ko‘ra, asalarilar ishtirokida changlangan ekinlarda hosildorlik 20–30 foizgacha ortishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, asalarilarning ommaviy nobud bo‘lishi qishloq xo‘jaligi hosildorligi, oziq-ovqat xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Asalarilar tabiiy changlatuvchi sifatida ekinlar hosildorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ularni saqlash agrar siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hujjatga muvofiq, asalari oilalarini joylashtirish va tashish bo‘yicha aniq talablar belgilandi.
Shuningdek, pestitsidlar bilan ishlov berishdan oldin ogohlantirish yuborish tartibi joriy etildi. Bu esa asalarichilarga o‘z oilalarini himoya qilish uchun oldindan chora ko‘rish imkonini beradi. Chunki amaliyotda asalarilar nobud bo‘lishining asosiy sabablaridan biri aynan pestitsidlardan noto‘g‘ri foydalanish hisoblanadi.

Shuning uchun endilikda pestitsidlar bilan ishlov berish jarayoni monitoring qilinadi va vakolatli organlar nazorati kuchaytiriladi.
Eng muhim jihatlardan biri shuki, asalarilar nobud bo‘lishining oldini olish uchun barcha tomonlar mas’ul etib belgilandi.
Bunga vazirlik va idoralar, hokimliklar, yer egalari, fermerlar, ijarachilar va mulkdorlar kiradi. Ya’ni, bu faqat bir soha emas, balki keng jamoaviy mas’uliyatdir.
Birinchidan, asalarichilar va fermerlar o‘rtasidagi hamkorlik kuchayadi. Ikkinchidan, pestitsidlardan keladigan zarar kamayadi. Uchinchidan, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi oshadi. Eng muhimi, ekologik muvozanatni saqlashga xizmat qiladi. Bu qaror nafaqat asalarichilik sohasi uchun, balki butun qishloq xo‘jaligi tizimi uchun muhim qadam hisoblanadi. U tabiat, iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligini bir nuqtada birlashtiradi.
Qaror bilan quyidagi muhim masalalar tartibga solindi. Asalari oilalarini joylashtirish va tashish bo‘yicha talablar, qishloq xo‘jaligi ekinlari va boshqa o‘simliklarga pestitsidlar bilan ishlov berishdan oldin ogohlantirish yuborish tartibi, pestitsidlar bilan ishlov berishda vakolatli organlarning vazifalari tartibga solindi.
Shuningdek, pestitsidlar bilan ishlov berish tadbirlarini monitoring qilish ishlari, asalarilar nobud bo‘lishining oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar tartibga solindi. Bu orqali asalarilarni muhofaza qilishning yagona va tizimli mexanizmi joriy etilmoqda.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, asalarilar nobud bo‘lishining asosiy sabablaridan biri qishloq xo‘jaligi ekinlariga pestitsidlar bilan ishlov berish hisoblanadi. Ayrim hollarda yer egalari yoki fermerlar asalarichilarni oldindan ogohlantirmasdan kimyoviy vositalardan foydalanadi.

Qarorga ko‘ra, pestitsidlar bilan ishlov berishdan oldin asalarichilarni oldindan ogohlantiriladi. Ishlov berish muddatlari va hududini belgilash, xavfsizlik talablariga rioya qilish majburiy tartibda amalga oshiriladi. Bu esa asalarilar nobud bo‘lishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qarorga muvofiq, asalarilarni muhofaza qilish bo‘yicha, tegishli vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, yer egalari va fermer xo‘jaliklari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar, mulkdorlar shaxsan mas’ul etib belgilandi. Bu esa asalarilarni muhofaza qilishda barcha manfaatdor tomonlarning hamkorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Asalarilar biologik xilma-xillikni saqlashda ham muhim ahamiyatga ega. Ularni muhofaza qilish qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlash, ekologik muvozanatni saqlash va agrar sohada samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur hujjat asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, fermerlar va asalarichilar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash hamda qishloq xo‘jaligida yuqori natijalarga erishishga zamin yaratadi.
Ushbu qaror asalarichilik sohasini rivojlantirish va asalarilarni muhofaza qilishda muhim huquqiy asos yaratdi. Bu esa qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va agrar sohani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA