IIV tizimida fuqarolar murojaatlariga qanday e’tibor qaratilmoqda?
Ichki ishlar vazirligi tizimlariga fuqarolardan kelayotgan murojaatlar qanday hal etilmoqda?
IIV axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, vazirlik ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, xodimlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yo‘nalishlarida tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Hisobot davrida departament va uning hududiy bo‘linmalariga jami 7 ming 820 murojaat kelib tushgan. Ularning 2 ming 31 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qayta tiklash, 2 ming 29 tasi xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan, 1 ming 317 tasi xodimlar hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, 902 tasi xizmat joyini o‘zgartirish va intizomiy jazo choralarini qayta ko‘rib chiqish, 835 tasi ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish hamda 706 tasi xizmatni o‘tash bilan bog‘liq boshqa masalalarga oid murojaatlarni tashkil etgan.
Barcha murojaatlar amaldagi qonunchilik talablari asosida har tomonlama va xolisona ko‘rib chiqilib, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Fuqarolar bilan ochiq muloqotni ta’minlash maqsadida vazir o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i tomonidan hududlarda 11-marta shaxsiy va sayyor qabul o‘tkazildi. Ularda 693 nafar fuqaroning murojaati bevosita eshitilib, aksariyat masalalar joyida hal etildi yoki ijrosi nazoratga olindi.
Murojaatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, ichki ishlar organlaridan asossiz ravishda bo‘shatilgan 86 nafar xodimning huquqlari tiklanib, ular xizmatga qayta qabul qilindi. Bu tizimda qonuniylik va adolat tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan ishlar samaradorligini yana bir bor namoyon etdi.
Tahlillar murojaatlarning salmoqli qismi xodimlarning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan hisobot davrida 21 ming 748 nafar xodim turli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari bilan qamrab olindi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan kelgusida ham fuqarolar murojaatlarini tezkor, xolis va qonuniy asosda ko‘rib chiqish, har bir masalani manzilli hal etish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalari hamda xizmat muomalasi madaniyatini yuksaltirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA