Ichki ishlar vaziriga tushgan murojaatlarning 48 foizi joyida ijobiy hal qilindi
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan muhim yo‘nalishlardan biri – aholi bilan ochiq, samarali va doimiy muloqotni ta’minlash.
Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan sayyor qabullar tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari batafsil o‘rganilmoqda. Ariza va takliflarni tahlil qilish asnosida muammolarni tizimli bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar belgilanmoqda.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligida, mas’ul mutasaddilar ishtirokida navbatdagi sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahri va viloyati fuqarolari bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlarda yashovchilar uchun qabullar videokonferensiya tizimi orqali onlayn tashkil etildi.
Qabul davomida 521 murojaat qayd etildi. Ularning aksariyati fuqarolar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar, yo‘l harakati xavfsizligi, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlari, shuningdek, kadrlar bilan ishlash masalalariga oid muammolarni qamrab oldi.

Murojaatlarning 250 tasi, ya’ni 48 foizi qonunchilik asosida joyida ijobiy hal qilindi. Qolgan 271 murojaat bo‘yicha esa qo‘shimcha o‘rganish talab etilgani sababli ular nazoratga olinib, mas’ul idoralar hamkorligida ko‘rib chiqish uchun tegishli topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyati, shuningdek, boshqa hududlardagi ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan o‘tkazilgan qabullarda jami 475 murojaat qabul qilindi. Ularning 185 tasi, ya’ni 39 foizi joyida ijobiy yechim topgan bo‘lsa, 290 tasi qo‘shimcha tekshiruv asosida ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirildi.
Sayyor qabullar davomida aholini tashvishga solayotgan masalalar, huquqiy muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari atroflicha muhokama qilinib, fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berildi.
Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA