Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
IIV: ikkita uyushgan narkojinoiy guruhning 7 nafar a’zosi qo‘lga olindi

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari davom etmoqda.

Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda katta miqdordagi giyohvandlik vositalari savdosiga chek qo‘ydi. 

Tezkor xodimlar tomonidan aniqlanishicha, transmilliy jinoiy uyushma a’zolari qo‘shni respublikadan Toshkent shahri orqali Rossiya Federatsiyasiga juda katta miqdordagi giyohvandlik vositalarini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tishni rejalashtirgani ma’lum bo‘ldi. 

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida to‘rt nafar shaxs Toshkent shahri Yangihayot tumani hududidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 71 kilogramm 84 gramm giyohvandlik vositalarini olgan vaqtda qo‘lga olindi. 

Aniqlanishicha, uyushgan narkojinoyatchilarning O‘zbekistondagi tashkilotchilaridan bo‘lgan ushbu shaxslar, ayni damda Rossiyada yashovchi tanishining ko‘rsatmasiga asosan, yuqoridagi manzildan giyohvandlik vositalarini olib, Rossiyaga  yuborishi lozim bo‘lgan. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 355 ming 420 ta  dozaga teng bo‘lgan giyohvandlik vositalari iste’molining oldi olindi.

Tezkor tadbir Surxondaryo viloyati Denov tumanida davom ettirilib, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv  tadbirlari davomida 1969-yilda tug‘ilgan shaxs 150 ming AQSH dollari evaziga xaridorga 8 kg giyohvandlik vositalarini sotgan vaqtda ushlandi. 

Tezkor surishtiruv davomida qo‘lga olingan shaxs ushbu giyohvandlik vositalarini 1971-yilda tug‘ilgan tanishidan olganini ma’lum qilgan va tezkor tadbirlar jarayonida, ushbu shaxs ham qo‘lga olingan. 

Shundan so‘ng jinoyat zanjirining iziga tushilib, ushbu giyohvandlik vositalarining asl manbasi bo‘lgan yana bir 1971-yilda tug‘ilgan shaxs aniqlanib, u ham protsessual tartibda qo‘lga olingan. 

Natijada 40 ming dozaga teng bo‘lgan giyohvandlik vositalari savdosiga chek qo‘yildi. 

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ikkita uyushgan narkojinoiy guruhning 7 nafar a’zosi qo‘lga olingan. 

Mazkur holat yuzasidan ushbu jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. 

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Andijon shahrida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar savdosiga ham chek qo‘yildi

Aniqlanishicha, bir nafar ayol va ikki nafar erkak ko‘p miqdordagi “Tropikamid” va “Pregabalin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda saqlab, ularni boshqa shaxslarga o‘tkazish maqsadida olib ketayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. 

Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirish jarayonida ayolning qo‘lidagi 2 ta sumkada 3 ming 428 dona “Regapen” hamda ming  dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir etuvchi dori vositasi aniqlandi.

Erkakning sumkasidan 50 dona “Tropikamid” dori vositasi, cho‘ntagidan esa plastik idishda noma’lum suyuqlik, uning “Onix” rusumli avtomashinasidan 5 dona oq-qizil rangli noma’lum kapsula borligi ma’lum bo‘ldi.

Yana bir erkakning cho‘ntagidan shisha idishda noma’lum suyuqlik, uning boshqaruvidagi “Damas” avtomashinasidan esa 8 dona “Regapen” kapsulasi topildi. 

Tezkor tadbir davom ettirilib, ayolning uyi ko‘zdan kechirilganda, yana 300 dona “Tropikamid” hamda 1 ming 652 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

O‘tkazilgan ushbu tezkor tadbir natijasida 6,5 ming donaga yaqin kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari noqonuniy aylanmasining oldi olindi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

N.Abduraimova,

O‘zA