IIV: 5 ming 778 mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining 2026-yil birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i polkovnik Sharof Uralov boshqargan yig‘ilishda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat, tuman (shahar) va mahallalar kesimida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari rahbar va xodimlarining reyting ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, erishilgan natijalar va mavjud muammolar yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash va har bir mahallada xavfsiz muhitni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bilan manzilli ishlash va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida joriy yilning 6 oyida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni 2 ming 309 taga yoki 14 foizga kamaygan. Ya’ni, 16 ming 651 tadan 14 ming 342 taga tushgan. Shuningdek, 5 ming 778 (64 foiz) mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
2 ming 738 (30 foiz) mahallada esa jinoyatlar sonining kamayishiga erishildi. Yig‘ilishda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlari faoliyatini xolis va shaffof baholash maqsadida joriy etilgan reyting tizimining samaradorligi tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, mazkur tizim orqali har bir xodimning xizmat natijalari har chorakda aniq mezonlar asosida baholanib, ularning faoliyati doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Yig‘ilish yakunida xizmat intizomini yanada mustahkamlash, har bir mahallada kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish hamda belgilangan vazifalarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA