IIV: ikki nafar tezkor xodim hibsga olindi va ishdan bo‘shatildi
Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Boboxonov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudoyqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Ochilov, shuningdek navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Ichki ishlar vazirligi Toshkent viloyati Bo‘ka tumani ichki ishlar bo‘limida so‘roq qilinganidan so‘ng vafot etgan fuqaro bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida bir qator o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan U.S. himoyachisi X.Yo‘ldosheva ishtirokida Bo‘ka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga to‘liq yozib olingan holda so‘roq qilingan.
Gumonlanuvchi U.S. soat 19.00da Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va Bo‘ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan.
Shu kuni soat 23.30larda gumonlanuvchi U.S.ning sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan u kasalxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Ya.Abdulhaqov, IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib vaziyat o‘rganildi. Voqea joyi ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador xodimlarning ko‘rsatmalari olingan.
Aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22.00larda gumonlanuvchi U.S. Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan.
Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra, U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim J.D. va G‘.Sh. hibsga olingan.
Xolis tergov va tekshiruvni ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Boboxonov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudoyqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Ochilov, shuningdek navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador bo‘lgan tezkor xodimlar J.D. va G‘.Sh. ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatildi.
Shuningdek, vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB mas’ul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Qonunchilikka muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarlik xatti-harakatlariga huquqiy baho berish prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda barcha materiallar prokuratura organlariga to‘liq taqdim etiladi va holatga xolisona baho berish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilinadi.
Hozirda ishga aloqador tezkor xodimlar o‘z jinoiy qilmishlarini rad etayotgan bo‘lsalarda, marhum U.S. tanasida tan jarohatlari borligini hisobga olib, prokuratura tomonidan qo‘shimcha gistologik (ichki organlar va to‘qimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash bo‘yicha) ekspertizasi tayinlangan. Mazkur ekspertiza ma’lum muddat talab qiladi va uning xulosasi va to‘plangan dalillar bo‘yicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.
Bayonotda Ichki ishlar vazirligi insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligini ta’minlanishiga so‘zsiz javobgar ekani ta’kidlangan. Shaxsga nisbatan qiynoq qo‘llanilishi, zo‘ravonlik yoki boshqa tarzda g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lishi vazirlik tomonidan qattiq qoralanadi va bunga yo‘l qo‘ygan barcha xodimlar qonun oldida qat’iy javob beradi.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq vaziyatda fuqaro U.S.ning vafot etganligi munosabati bilan cheksiz taassufda ekanligini bildirdi va marhumning oila a’zolari hamda yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etdi.
Hozirda Ichki ishlar vazirligi va Toshkent viloyati IIBB rahbariyati marhumning yaqinlari bilan hamdard bo‘lib, ijtimoiy masalalariga ko‘maklashmoqda.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qonuniylikka va insoniylikka zid harakatlar jamoatchilik tomonidan keskin e’tirozlarga sabab bo‘lishini to‘liq anglaymiz, lekin shu bilan birga, ichki ishlar organlari sha’niga dog‘ tushirgan xodimlarning harakatlari ortidan boshqa, o‘z xizmatini vijdonan va sadoqat bilan bajarayotgan xodimlarni obro‘sizlantirishga yo‘l qo‘yilmasligiga ishonamiz, deyiladi rasmiy bayonotda.
N.Abduraimova, O‘zA