IFTM Top Resa: Fransiya vaziri O‘zbekiston milliy stendiga tashrif buyurdi
Fransiyada o‘tayotgan IFTM Top Resa 2026 xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekistonning faxriy mehmon mamlakat maqomidagi ishtiroki doirasida mamlakat milliy stendiga e’tibor yuqori bo‘lmoqda.
Ko‘rgazma tashkilotchilari tomonidan O‘zbekiston milliy delegatsiyasi hamda turizm sohasi vakillari sharafiga tantanali qabul marosimi tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Suhrobjon Bobokalonov so‘zga chiqib, xalqaro professional muloqotni kengaytirish, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini jahon bozorida yanada keng targ‘ib qilish muhimligini ta’kidladi.
Ko‘rgazma ishtirokchilarining milliy stendlari bilan tanishish jarayonida Fransiyaning kichik va o‘rta tadbirkorlik, savdo, hunarmandchilik, turizm va xarid qobiliyati masalalari bo‘yicha vaziri Serj Papen O‘zbekiston milliy stendiga tashrif buyurdi. Mehmonni Turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Suhrobjon Bobokalonov kutib oldi.
Fransiyalik vazir O‘zbekiston milliy stendining yangi konsepsiyasi bilan tanishdi. Zamonaviy ko‘rgazma arxitekturasi milliy amaliy-bezak san’ati elementlari bilan uyg‘unlashtirilgani mehmonda alohida taassurot qoldirdi.Serj Papen O‘zbekistonning boy hunarmandchilik va me’morchilik an’analarini yuqori baholab, mamlakatning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissini alohida e’tirof etdi.

Ta’kidlash joiz, IFTM Top Resa 2026 doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya turizm biznesi va davlat tuzilmalari vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda. Ularda turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekistonning Fransiya hamda Yevropa sayyohlik bozoridagi salohiyatini yanada keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilinmoqda.
O‘zbekistonning IFTM Top Resa ko‘rgazmasida faxriy mehmon mamlakat sifatida ishtirok etishi mamlakatning Yevropa sayyohlik bozoridagi mavqeini mustahkamlash, yangi hamkorlarni jalb etish va Fransiya bilan turizm sohasida uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA