Ichki ishlar vazirligi: 526 murojaatning 61 foizi ijobiy hal etildi
Fuqarolarning murojaatlarini tinglash, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish hamda davlat organlari bilan aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada kuchaytirish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan sayyor qabullar muntazam tashkil etilmoqda.
Bu kabi uchrashuvlar aholi tomonidan kelib tushayotgan har bir murojaatni atroflicha o‘rganish, qonuniy manfaatlarni himoya qilish va mavjud muammolarni qisqa muddatlarda hal etishga xizmat qilmoqda.
Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligida bo‘lib o‘tdi. Unda vazir o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etib, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish, ular yuzasidan amaliy choralar belgilash va har bir masalaga aniq huquqiy yechim topishga alohida e’tibor qaratildi.

Sayyor qabul fuqarolar uchun qulay shaklda tashkil etildi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi murojaatchilar rahbariyat bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda boshqa hududlarda yashovchi fuqarolar esa videokonferensaloqa orqali qabulda ishtirok etib, o‘zlarini qiynayotgan masalalarni bevosita bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida jami 526 murojaat ro‘yxatga olindi. Ularning 320 tasi yoki 61 foizi qabul jarayonining o‘zida ijobiy hal etildi. Qolgan 206 murojaat qo‘shimcha o‘rganish talab etgani bois, ijrosi nazoratga olinib, tegishli sohaviy xizmatlarga yuborildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan tashkil etilgan qabullarda ham jami 440 murojaat qabul qilindi. Ularning 211 joyida hal qilingan bo‘lsa, 229 murojaat bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv va huquqiy baholash ishlarini olib borish uchun tegishli choralar belgilandi.
N.Abduraimova,
O‘zA