Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatiga yangicha yondashuv joriy etiladi
Jamoat xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlari faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda. Aholi bilan yaqin muloqot o‘rnatishga va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga yo‘naltirilgan yangi tizim joriy etilmoqda. Profilaktika inspektorlarining vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi.
“Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
2026-yil 4-sentyabrda qabul qilingan qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘linmalarining faoliyati quyidagi ustuvor mexanizmlar asosida yaxlit tizim sifatida tashkil etiladi:
Xizmat yo‘nalishi va xizmat o‘tash hududidan qat’i nazar, fuqarolarning murojaatlari va xabarlariga tezkor munosabat bildirish;
Aholi bilan bevosita, yaqindan va ochiq muloqotga kirishish hamda ularning huquqbuzarlikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarini hal etishga ko‘maklashish;
Bevosita joylarda huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va omillarini barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan kunlik manzilli profilaktik ishlarni yo‘lga qo‘yish.
Profilaktika inspektorining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Profilaktika inspektorlariga quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda:
O‘z vakolati doirasida birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash;
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq 4 turdagi ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash;
Tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarlari vakolatidagi 9 turdagi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash.
Sherbek Islomov,
O‘zA