Adliya vazirligi tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy axborotni tarqatish va huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha yangi usullar joriy etilmoqda. “Huquq maktabi” mobil ilovasi shulardan biridir.
Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Shohida Yo‘ldosheva mazkur ilova imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi:
– Aholining huquqiy savodxonligini oshirish qonuniylikni ta’minlashda, adolatli va huquqiy jamiyat qurishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. O‘zbekiston Adliya vazirligi bu jarayonda muhim rol o‘ynab, aholining barcha qatlami uchun huquqiy bilimlarni ommalashtiruvchi loyihalar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish tashabbusi bilan chiqmoqda.
Xususan, fuqarolarga o‘z huquqlarini yaxshiroq tushunish va himoya qilishda ko‘maklashish maqsadida vazirlik tomonidan “Huquq maktabi” mobil ilovasi ishlab chiqildi.
IOS va Android platformalarida mavjud bo‘lgan ushbu ilova foydalanuvchilarga mehnat munosabatlari, oila huquqi, ijtimoiy himoya va fuqarolik jarayonlari kabi sohalarni qamrab olgan huquqiy ma’lumotlardan foydalanish imkonini beradi.
Bu vazirlikning aholi orasida huquqiy savodxonlikni oshirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim omili sifatida huquqiy bilimlarni targ‘ib qilishga bo‘lgan intilishini namoyon etadi.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmonida yoshlarning huquqiy bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan onlayn huquqiy savodxonlik maktabini tashkil etish va u orqali bepul huquqiy o‘quv kurslarini joriy etish belgilangan.
“Huquq maktabi” – bu aholining huquqiy savodxonligini oshirish va huquqni mustaqil o‘rganish imkoniyatini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan innovatsion loyihadir. Ilova foydalanuvchilarga materiallarni o‘zlari uchun qulay tezlikda o‘rganish imkonini beradi. Ilovada video ma’ruzalar, taqdimotlar va testlar joylashtirilgan bo‘lib, ular nafaqat huquqiy bilimlarni nazariy jihatdan o‘zlashtirishga, balki ularni amalda qo‘llashga ham yordam beradi.
Shuningdek, foydalanuvchilarni rag‘batlantiruvchi tizim ham nazarda tutilgan: kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga virtual “tangalar“ (“coin”lar) beriladi. Bu tangalarni Toshkent davlat yuridik universitetining sertifikatlari va qimmatbaho sovg‘alarini olish uchun ishlatish mumkin.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda “Huquq maktabi” mobil ilovasidan 2 ming nafarga yaqin foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan va ulardan biri sertifikat olishga erishgan. Loyiha doirasida mobil ilovadan tashqari, asosiy huquqiy mavzularga oid 57 video va 15 ta qisqa videolavha joylashtirilgan “Huquq maktabi” YouTube kanali ham faoliyat yuritmoqda.
Kanal allaqachon 53 mingdan ziyod tomoshabinning e’tiborini tortdi va ko‘rishlar soni 130 mingga yaqinlashib qoldi. Ayniqsa, “Yoshga doir pensiya”, “Nikohni bekor qilish tartibi” va “Ayollarning ijtimoiy himoyasi” kabi mavzularga bag‘ishlangan videoroliklar ommalashib bormoqda.
“Huquq maktabi” barcha yosh va ijtimoiy guruhlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, fuqarolarga huquqiy masalalarda yaxshiroq yo‘nalish olish, o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish va zarur hollarda yuridik yordam so‘rashda ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Adliya vazirligi bu kabi tashabbuslar ustida ishlashni davom ettirish va huquqiy bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish niyatida. Zero, “Huquq maktabi”ning ishga tushirilishi nafaqat yangi texnologiyalarni joriy etish, balki jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qo‘shilgan salmoqli hissa bo‘ldi.
N.Abduraimova, O‘zA