Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni baholash tizimi qanday amalga oshiriladi?
Oʻzbekistonda tadbirkorlik rivojlanib, iqtisodiyotda oʻsish kuzatilmoqda.
Munosabat
Oʻzbekistonda tadbirkorlik rivojlanib, iqtisodiyotda oʻsish kuzatilmoqda. Pirovardida, aholining ishchanlik kayfiyati koʻtarilib, tovar ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmatlar koʻrsatish sifati oshmoqda, ularning turlari koʻpaymoqda. Hududlarning oʻrta va uzoq muddatlarga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot parametrlari aniqlanib, rivojlanish strategiyalari belgilab olinmoqda.
Bu jarayon esa islohotlarni tizimli davom ettirishni taqozo etadi. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasini hududlar kesimida baholab borishni kun tartibiga qoʻyadi.
Oʻz navbatida, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish surʼatini yana-da tezlashtirish uchun maqsadli dasturlarni hududlar imkoniyatlarini aniq tashsixlash asosida oʻz vaqtida qabul qilish va bajarilishini tizimli kuzatish mexanizmi takomillashmagani muayyan muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori bu jabhadagi ishlarni yangi bosqichda rivojlantirish, mavjud muammolarni hal etish imkonini beradi.
Qarorda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimini joriy etish vazifasi belgilab berildi. Bu tizimni shakllantirishda statistik koʻrsatkichlarga va soʻrovnomalarga asoslaniladi. Bunda 8 asosiy mezonga alohida eʼtibor qaratiladi va har bir yoʻnalish baholab boriladi.
Birinchisi, hududlarda barqaror va mutanosib iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash va iqtisodiy islohotlar samaradorligi. Barcha hududlarda ham iqtisodiy rivojlanish mutanosibligiga yetarli eʼtibor berilmayotgan, iqtisodiy islohotlar natijador boʻlmayotgan boʻlishi mumkin. Shu sababli bu yoʻnalish asosiy mezonlar sifatida belgilandi.
Ikkinchisi, hududlarda yangi ish oʻrinlari yaratish, ishsizlikni kamaytirish va mehnat bozori samaradorligini taʼminlash. Bu borada hududlarda mavjud ichki imkoniyatlardan yetarli foydalanilmayotgan boʻlishi mumkin. Hududlar iqtisodiyotining oʻziga xos xususiyatlari, yaʼni ixtisoslashuv yoʻnalishlari joylarda mehnat bozori tarkibiga va bu bozor amal qilishining samaradorligiga turlicha taʼsir koʻrsatadi. Shu nuqtayi nazardan, bur jarayon chuqur va tizimli kuzatishlarni taqozo etadi.
Uchinchisi, hududlarda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va aholi turmush sifatini yaxshilash. Aholi turmush sifati islohotlarning pirovard natijasini ifodalaydi, yaʼni ijtimoiy farovonlikning bosh mezoni hisoblanadi. Shu bois bu boradagi ishlarni chuqur tahlil qilish asosiy talablardan biridir.
Toʻrtinchisi, hududlarda aholi va biznes uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish infratuzilmasining barqarorligi hamda ishonchliligini taʼminlash. Hududlarda aholining iqtisodiy faolligini taʼminlash va biznes doiralarning tadbirkorlik faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish koʻpincha mahalliy hokimiyat organlari ishchanligi, tashabbuskorligi, omilkorligi va aholi bilan yaqindan ishlash koʻnikmalariga bogʻliq. Ishlab chiqarishning barqarorligi esa yaxshi infratuzilma mavjudligi bilan chambarchasdir. Oʻz navbatida, aholi va biznes uchun zarur shart-sharoitlarning yaratilishi hududlarda mavjud mehnat, kapital, mineral xomashyo va boshqa resurslardan oqilona foylanish imkoniyatini kengaytiradi. Bu mezon hududlarda aholining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan sharoitlarga ham baho berish imkoniyatini beradi.
Beshinchisi, hududlarning raqobatbardoshlik darajasini oshirish, iqtisodiyotni yana-da diversifikatsiya qilish. Hududlar milliy bozorda qaysidir maʼnoda, boshqa hududlar bilan oʻzaro raqobatlashsa, oʻz navbatida, mintaqaviy va xalqaro bozorlarda ushbu hududlar oʻz imkoniyat va salohiyatini birlashtiradi, ular endi yagona iqtisodiy kuchga aylanib, xalqaro darajada raqobatlashadi. Shuningdek, raqobatbardoshlik hududlarda mavjud boʻlgan ishlab chiqarish quvvatlariga, hududning sanoatlashganlik darajasiga ham bogʻliq. Agar hududlar bir yoqlama iqtisodiyotga ega boʻlsa, u holda raqobatbardoshlik darajasiga putur yetadi. Hududlar iqtisodiyotini diversifikatsiyalash bevosita raqobatbardoshlik darajasini oshiradi. Shuning uchun qarorda mazkur mezonga alohida ahamiyat berilgan.
Oltinchisi, hududlarda ishbilarmonlik muhiti sifatini yaxshilash, tadbirkorlikni doimiy qoʻllab-quvvatlash va jadal rivojlantirish. Hududlarda ishbilarmon doiralar va mahalliy hokimiyat organlari oʻrtasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish imkoniyatlari keng. Biroq joylarda ishbilarmonlik muhitining tashkiliy, huquqiy, institutsional va ijtimoiy jihatlariga yetarli darajada eʼtibor qaratilmasligi sababli tadbirkorlik qatlami oʻz salohiyatidan samarali foydalana olmaydi. Bundan tashqari, tadbirkorlik rivojlanishiga yirik, oʻrta va kichik tadbirkorlik pogʻonalari boʻyicha, ularning integratsiyalashuvi nuqtayi nazaridan ham yondashish maqsadga muvofiq. Tadbirkorlik katta salohiyatga ega boʻlgan, doimiy harakatchan va dinamik ijtimoiy-iqtisodiy kuchga aylanishi lozim. Shu sababli mazkur mezonga tayanib hududlarning ishbilarmonlik muhitiga yetarli darajada tizimli baho berish imkoniyati yuzaga keladi.
Yettinchisi, hududlarning moliyaviy mustaqilligiga erishish hamda bank-moliya sohasini rivojlantirish. Bu borada soʻnggi yillarda sezilarli oʻzgarishlarga erishildi. Shu bilan birga, hududlarning moliyaviy mustaqillikka erishishi yoʻnalishidagi islohotlarni yana-da davom ettirish zarurati mavjud. Bu mahalliy hokimiyatlarning hududlarda faol ijtimoiy-iqtisodiy siyosat yuritishi uchun muhim omil hisoblanadi. Oʻz navbatida, mahalliy byudjetlar daromadlari shakllanishi va uning xarajatlari taqsimlanishida erkinlik va shaffoflik masalalarini hal qilish imkoniyatini ham kengaytiradi. Bank-moliya sohasini rivojlantirish orqali hududlar iqtisodiyot kompleksida gorizontal va vertikal aloqalarni yana-da takomillashtirish uchun zarur sharoit yaratiladi. Shu sababli mazkur mezon boʻyicha hududlardagi vaziyatga baho berish sohadagi islohotlarni yana-da jadallashtirishga turtki boʻladi.
Sakkizinchisi, hududlarda mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va maʼlumotlarning ochiqligini oshirish. Maʼlumki, mamlakatimizda tub islohotlar dastlab Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini qabul qilish bilan boshlangan edi. Shundan keyin “Davlat idoralari xalq uchun xizmat qilish kerak” tamoyili yildan-yilga chuqur ijtimoiy-iqtisodiy mazmun kasb etib kelmoqda. Mazkur mezon ushbu tamoyilning hududlarda qanchalik darajada hayotga yana-da chuqurroq tatbiq etilayotganiga baho berish imkoniyatini beradi.
Qarorda reyting koʻrsatkichlarini aniqlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida amalga oshirilishi belgilangan. Prezidentimiz raisligida 7-may kuni Andijon, Navoiy hamda Surxondaryo viloyatlari tuman va shaharlarining iqtisodiy salohiyatini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizning har bir hududi oʻziga xosligi, bir viloyat ichidagi tumanlarning imkoniyatlari ham bir-biriga oʻxshamasligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Keyingi yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar iqtisodiyotini rivojlantirish masalalari alohida, tumanlar va shaharlar kesimida, manzilli tarzda muhokama qilish tizimli tus olmoqda. Endi tumanlar va shaharlar darajasigacha reyting baholash koʻrsatkichlari shakllantiriladi. Bu juda muhim. Chunki reyting baholash natijalari nafaqat viloyatlar darajasida, balki tumanlar va shaharlar darajasida amalga oshirilsa, bu koʻrsatkichlar orqali iqtisodiy islohotlar qaysi hududlarda qanday surʼatlarda va miqyoslarda amalga oshirilayotgani, mamlakatimiz hududlarining yalpi ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatni oshirishga qoʻshayotgan hissasiga baho berish imkoniyati yuzaga keladi.
Qarorning ijrosi hududlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning natijadorligini taʼminlash va aholi turmush darajasini oshirishning joylardagi ichki imkoniyatlaridan yana-da samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Neʼmat XOLMATOV,
iqtisod fanlari nomzodi.