Bugun Toshkent shahrida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi” filialida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining “Elektr ta’minoti” kafedrasi filiali ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda soha mas’ullari, mutaxassislar, faxriy energetiklar va talabalar ishtirok etdi.
Unda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev va boshqalar Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida soha-ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasiga erishilayotganini qayd etdi.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, Prezidentimiz rahbarligida 2024 yil 20 iyunda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, hamkor korxonalarda kafedralar ochish va dual ta’limni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
[gallery-21506]
– Davlatimiz rahbarining mazkur topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida bugun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ negizida oliygohimizning “Elektr ta’minoti” kafedrasi filialini ochdik. Maqsad esa “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida dual ta’limni yo‘lga qo‘yishdir. Bu yerda 3-, 4-bosqichdagi talabalarimiz mutaxassislik fanlari bo‘yicha nazariy bilimlarni ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ular professor-o‘qituvchilar, tarmoq mutaxassislari va muhandislar bilan yaqin muloqotda bo‘ladi. Bu esa talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradi, – dedi universitet rektori S.Turobjonov.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda tizimda 27 mingdan ortiq malakali mutaxassis mehnat qilmoqda. Ularning malakasini oshirish va kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashda “Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi” filiali muhim ahamiyat kasb etadi.
– Bugungi yangilik “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida dual ta’limni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ negizida ochilgan kafedra filiali talabalarga real ish sharoitida ta’lim olish imkoniyatini yaratadi. Bu tashabbus nafaqat yosh muhandislarning malakasini oshirish, balki tarmoqda kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirishga ham yordam beradi. Shuningdek, talabalar jamiyatimizning Elektr energiyasi hisobini avtomatlashtirish markazida amaliyot o‘tashlari mumkin, – dedi A.G‘aybullayev.
Shundan so‘ng mas’ullar va soha mutaxassislari “Elektr ta’minoti” kafedrasi filialida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Tadbir doirasida “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ tezkor brigadalari tomonidan ko‘rgazmali chiqish ham namoyish etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA