“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbari yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Yoshlar fikri va tashabbuslarini hisobga olish har qanday tashkilot uchun muhim bo‘lib, bunday g‘oyalar jamiyat rivojida katta o‘rin tutadi. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida ham shunday qadriyatlar asosida yoshlar bilan ochiq muloqotlar muntazam tashkil etib kelinadi.
Ayni kunlarda “Yoshlar kuni” va “Rais va yoshlar” dasturlari doirasida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar tizimdagi yosh xodimlar va hududlardagi yoshlar muammolarini o‘rganish, ularning fikr va tashabbuslarini amalga joriy qilishga qaratilgan.

Bugun shunday uchrashuvlardan biri Xorazm hududiy filialida bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyat boshqaruv raisi va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil qilindi.
Unda qayd etilganidek, yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish nafaqat ularning fikrlarini eshitish, balki amaliy takliflarni joriy qilish, yoshlarning tashabbuslarini rag‘batlantirish va jamiyatning rivojiga hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamiyat boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarovning so‘zlariga ko‘ra, har bir yosh mutaxassisning fikri jamiyatimiz uchun naf keltiradi.
– Shu bois, ochiq muloqotlarda nafaqat professional bilimlar, balki hayotiy tajribalar ham muhokama qilinadi. Har bir taklif va g‘oya ahamiyatga ega bo‘lib, ularni rivojlantirish va amalga oshirish uchun aniq rejalar tuziladi. Shu bilan birga, hududlardagi yoshlar ham bunday uchrashuvlarda ishtirok etishi lozim, chunki ularning tashabbuslari va fikrlari jamiyatning kelajagi uchun muhimdir. Yoshlarning g‘oyalari amalga oshirilishida zaruriy qo‘llab-quvvatlash va malaka oshirish imkoniyatlari ham yaratiladi. Faol ishtirok va mas’uliyatli pozitsiya jamiyat taraqqiyotida asosiy ahamiyat kasb etadi, – dedi Asrorjon Asqarov.
Tadbirda yoshlar fikri va takliflari tinglanib, aniq chora-tadbirlar belgilandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA