“Hokimlik soati”da kredit intizomi va qarzdorliklar muhokama etildi
Sirdaryo viloyatida oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha muammoli qarzdorliklar hajmi 2026-yil 1-may holatiga ko‘ra 431,8 milliard so‘mga yetdi. Bu haqda viloyat hokimligida o‘tkazilgan “hokimlik soati”da ma’lum qilindi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan muhokamada kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishi, qaytarilishi va qarzdorliklarni qisqartirish masalalari tanqidiy tahlil etildi. Yig‘ilishda ayrim hududlarda ijobiy dinamika kuzatilgan bo‘lsa-da, umumiy holatda muammoli kreditlar hajmi yuqori darajada saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yangiyer shahri, Sirdaryo va Boyovut tumanlarida muammoli kreditlar hajmi ortib bormoqda. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilgan kreditlar bo‘yicha muammoli qarzdorlik 34,4 milliard so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan o‘sish qayd etilgan.
Muhokamada tijorat banklariga undiruv ishlarini kuchaytirish, har bir qarzdorlikni individual tarzda o‘rganish va tizimli yondashuvni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. Ayrim qarzdorliklarning uzoq vaqt davomida yechim topmayotgani ham tanqid ostiga olindi.
Shuningdek, doimiy daromadga ega bo‘lgan ayrim fuqarolar tomonidan kredit majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmaslik holatlari moliyaviy intizomga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omil sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga har bir qarzdorlik holati bo‘yicha manzilli ishlash, undiruv jarayonlarini jadallashtirish va natijadorlikni oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Asosiy e’tibor kredit mablag‘larining samarali aylanishini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va moliyaviy intizomni mustahkamlashga qaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri