Oliy sud va Markaziy bank vakillaridan tashkil topgan Ishchi guruh o‘z faoliyati natijalari yuzasidan axborot berdi. Yig‘ilishda 22 ta bank rahbariyati ishtirok etdi.
Kecha, 26 dekabr kuni Markaziy bankda Oliy sud rahbariyatining Markaziy bank va tijorat banklari vakillari bilan banklar tomonidan sudlarga kiritilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish masalalari yuzasidan ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 11 oyi davomida respublika fuqarolik va iqtisodiy sudlari tomonidan kredit undirish bilan bog‘liq jami 431 ming 420 ta ish ko‘rilgan. Qiyos uchun bu o‘tgan yilga nisbatan uch baravar ko‘p.
[gallery-21075]
Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonovning ma’lum qilishicha, 17 dekabr kuni sudlar tomonidan kredit qarzdorligiga doir da’vo arizalarini ko‘rib chiqish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Oliy sud va Markaziy bank mas’ullaridan iborat Ishchi guruh shakllantirilgan.
Shuningdek, banklar tomonidan sudlarda ko‘rilmayotgani ko‘rsatilgan 11 trillion so‘mlik jami 86 mingga yaqin da’vo arizalari ko‘rib chiqilishi yuzasidan Oliy sud va Markaziy bank rahbariyati tomonidan “Tashkiliy chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan.
-Qisqa muddat ichida hamkorlikda respublika bo‘yicha 22 ta bank kesimida 11 trillion so‘mlik 86 mingta ish yuzasidan taqqoslov o‘tkazildi. Unda qariyb 8 trillion so‘mlik 74 mingga yaqin ishlar qonuniy yechimini topgani, shundan faqatgina 1 ming 25 ta yoki 2,4 trillion so‘mlik kredit nizolari bevosita sudlarda ko‘rib chiqilayotgani, 10 ming 880 ta yoki 820 milliard so‘mlik arizalar esa sudlarga kelib tushmagani ma’lum bo‘ldi.
Bu esa bank tizimida kredit undiruvi bilan bog‘liq sud ishlariga oid hisobotlar mezonida tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatadi, – deydi Shuhrat Polvonov.
Uchrashuv davomida Oliy sud sudyalari kredit undirish bilan bog‘liq ayrim sud amaliyoti yuzasidan va sudga ariza berish tartib-tamoyili xususida tushuntirishlar berib o‘tdi.
Shuningdek, bank xodimlariga sudlar va banklar o‘rtasida kredit nizolari bilan bog‘liq ishlarni adolatli hal qilishga ko‘maklashuvchi qo‘llanma taqdim etildi.
Tadbir yakunida bank mas’ullari tomonidan berilgan savollarga tegishli javoblar berilib, uchrayotgan tizimli muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Umidjon Qurbonov,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA