Qarshi shahrida Qashqadaryo viloyati va uning tuman hokimliklari axborot xizmatlari xodimlari uchun zamonaviy piar va kommunikatsiya ko‘nikmalariga bag‘ishlangan ikki kunlik amaliy trening bo‘lib o‘tdi.
15-16 may kunlari Qarshi shahrida tashkil etilgan trening “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazildi. Mazkur loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida, Islom taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
[gallery-23417]
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalliy axborot xizmatlari xodimlarining zamonaviy PR texnologiyalari, ommaviy kommunikatsiyalar va ijtimoiy tarmoqlarda ishlash borasidagi bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
Ishtirokchilar rasmiy tadbirlarni yoritishda fotosuratga olish usullari, axborot janrlari va ijtimoiy tarmoqlar uchun kontent tayyorlash, salbiy fikrlarga javob berish metodikasi, inqirozli vaziyatlarda PR strategiyasini ishlab chiqish, OAV bilan muloqot qilish va intervyu berish ko‘nikmalari kabi yo‘nalishlarda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Treningda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, filologiya fanlari doktori Nargis Qosimova va universitet katta o‘qituvchisi Husniddin Ato tomonidan olib borildi.
Mazkur tashabbus orqali hududiy axborot xizmatlari samaradorligini oshirish, aholiga tezkor va aniq axborot yetkazish tizimini takomillashtirish maqsad qilingan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari