“Hokim Olimpiadasi” bahslariga start berildi
Toshkent shahrida boks bo‘yicha “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining ikkinchi bosqichi — “Hokim Olimpiadasi” bahslariga start berildi.
Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida tashkil etilgan musobaqada poytaxtning barcha tumanlaridan saralab olingan yosh bokschilar g‘oliblik uchun ringga chiqdi.


Bahslar davomida sportchilar o‘zlarining texnik mahorati, jismoniy tayyorgarligi, matonati va g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini namoyon etmoqda.
“Hokim Olimpiadasi” doirasidagi ushbu bellashuvlar yosh bokschilar uchun katta sport sari muhim qadam bo‘lib, eng kuchli ishtirokchilar musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘llanma olish uchun kurash olib bormoqda.


Ma’lumotlarga ko‘ra, “Hokim Olimpiadasi” bosqichida yosh sportchilar dzyudo, taekvondo WT, erkin va yunon-rum kurashi, boks, yengil atletika, stol tennisi, basketbol, voleybol, gandbol, badminton, badiiy gimnastika, og‘ir atletika, qilichbozlik, tennis, sohil voleyboli, suzish va veloshosse turlari bo‘yicha bahs olib boradi.
G.Boboyeva, O‘zA