Hindistonda 9 nafar politsiya xodimiga o‘lim jazosi tayinlandi
Hindistonning Tamilnad shtatida 2020-yilda qamoqda halok bo‘lgan ota-bola ishi bo‘yicha sud qaror chiqardi. Gap shundaki, 58 yoshli P.Jeyaraj va uning o‘g‘li Beniks pandemiya vaqtida do‘konni yopmagani uchun ushlangan edi. Sud ma’lumotiga ko‘ra, ular hibsxonada shafqatsizlarcha kaltaklangan va og‘ir jarohatlar tufayli vafot etgan. Bu voqea jamiyatda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.
Ta’kidlanishicha, o‘lka sudi 9 nafar politsiya xodimini qasddan qotillikni sodir etganlikda aybdor deb topib, ularga o‘lim jazosi tayinladi. Sudya bu holatni “hokimiyatni ochiqcha suiiste’mol qilish” deb baholagan. Uning ta’kidlashicha, huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar qurolsiz fuqarolarga ataylab hujum qilgan.
Bu ish Hindistonda politsiya zo‘ravonligi muammosini yana kun tartibiga olib chiqdi. Huquq himoyachilari har yili yuzlab odamlar qamoqda halok bo‘lishini aytib keladi. Ularga ko‘ra, ayrim holatlarda aybni tan oldirish uchun zo‘ravonlik qo‘llaniladi. Bu esa tizimli muammo sifatida baholanmoqda.
Voqeadan keyin mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Siyosatchilar va jamoat arboblari adolat talab qildi. Xalqaro tashkilotlar esa Hindistonni politsiya tizimini isloh qilishga chaqirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA