Xabaringiz bor, 2021 yil 26 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan qarorlarga ko‘ra, (ro‘yxat raqami 3285) fuqarolar pasport bilan birga ID-karta yoki milliy haydovchilik guvohnomasi orqali ham bank xizmatlaridan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2021 yildan boshlab ID-kartalar beriladi.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada takomillashtirish va tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 6-bandiga muvofiq yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berildi.
Qarorga muvofiq Markaziy bank rahbariyati tomonidan qabul qilingan 7 ta normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga muvofiq fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya ID-kartalari yoki milliy haydovchilik guvohnomalarini ko‘rsatib, bank xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomiga ega bo‘lgani sababli, u bank xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida pasportning o‘rnini bosa oladi. Shuningdek, hisobvarag‘ ochish, kredit yoki depozit xizmatlaridan foydalanish, bank plastik kartalarini rasmiylashtirish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi bo‘lsa, bankka ID-karta yoki pasport olib borish shart emas.
Sh.Mamaturopova, O‘zA