Hashar – milliy an’analar va hamjihatlik ifodasi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Yangiyer mahallasida joylashgan “Xo‘ja Sayid” qabristoni nafaqat mazkur hudud, balki Yog‘du va Bo‘ston mahallalari aholisi uchun ham xizmat ko‘rsatayotgan muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hududda Bo‘ston mahallasi fuqarolari tashabbusi bilan keng ko‘lamli hashar ishlari tashkil etildi. Unda mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etib, qabristonni obodonlashtirish ishlariga hissa qo‘shdi.
Hashar davomida hudud tozalandi, chiqindilar olib chiqildi, yo‘laklar tartibga keltirildi, daraxt va butalar parvarish qilindi. Natijada hududning sanitar holati yaxshilandi.
[gallery-28484]
Shuningdek, tadbir davomida saxovatpesha fuqarolar tomonidan ehson tadbirlari uyushtirilib, ishtirokchilar va ziyoratchilar uchun dasturxon yozildi. Bu xalqimizga xos bag‘rikenglik va hamjihatlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Bunday ezgu ishlar hududlarni obod etish barobarida jamiyatda mehr-oqibat va birdamlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA