Harbiylarning ota-onalariga ehtirom ko‘rsatildi
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Kakaydi va Xayraobod garnizonlarida shartnoma asosida xizmat qilayotgan ofitser va serjantlarning o‘qituvchilik kasbida faoliyat yuritayotgan hamda ko‘p yillar davomida ta’lim sohasida mehnat qilgan ota-onalari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir dasturiga muvofiq, mehmonlar Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyiga tashrif buyurib, vohaning boy tarixi, qadimiy madaniyati va arxeologik topilmalari bilan tanishdi. Shuningdek, Al-Hakim at-Termiziy va Sulton Saodat ziyoratgohlariga sayohat uyushtirilib, ishtirokchilarga ushbu tarixiy qadamjolarning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi.
Bayram tadbiri Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda davom etdi. Mehmonlar harbiy qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, o‘quv-moddiy baza hamda harbiy qism muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-31748]
So‘ng Madaniyat markazida tashkil etilgan marosimda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug – Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik Mirsaid Shukurov aziz va mo‘’tabar ustozlarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Ta’lim sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan ota-onalarga qo‘mondonlikning tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbiri konsert dasturi bilan davom etdi. Termiz garnizoni harbiy orkestri jamoasi tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar ulashdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat va video), O‘zA