Bayram katta xursandchilik bilan nishonlandi
Xovos tumanida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda, katta shodiyona bilan o‘tkazildi. Ulug‘ ayyomga bag‘ishlangan tantanada yurtdoshlarimizga xos bo‘lgan birdamlik, shukronalik va Vatanga sadoqat tuyg‘ulari yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Tumanda asosiy bayram tadbiri 1-sonli sport maktabi o‘yingohida tashkil etildi. Mazkur shodiyonada 9 ming 212 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Xovos tumani hokimi Qomus Yo‘ldoshev yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Tabrik so‘zida mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilayotgan ulkan yutuqlar, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ezgu ishlar xususida so‘z yuritildi. Ayniqsa, keyingi yillarda Xovos tumanida sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, obodonlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Bayram tantanasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Maydonga yig‘ilganlar unga jo‘r bo‘lishdi.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirning badiiy qismi teatr jamoalarining sahna ko‘rinishlari bilan boshlandi. Vatan, istiqlol, tinchlik va yurtga sadoqat g‘oyalari tarannum etilgan chiqishlar tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
Bayram dasturining musiqiy qismida estradamizning taniqli xonandalari va iste’dodli yosh ijodkorlar ishtirok etishdi. Sardor Mamadaliyev, Sevinch Ismoilova va Dilshod Rahmonov ijrosidagi dilbar qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, shodiyonaning fayzini yanada oshirdi.
Tantanada Xovos tumanida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, mahallalarda aholi farovonligini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash va fuqarolar uchun munosib sharoitlar yaratish borasidagi ishlar ham alohida e’tirof etildi.
Muhimi, bayram tadbirida tuman hayotida faol ishtirok etib kelayotgan, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlar ham ishtirok etishdi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan Xovos tumanidagi «Yetti guzar» mahalla fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar bo‘yicha maslahatchisi Boymurod Azimov ham bor.
[gallery-31103]
— Mustaqillik bayrami har bir yurtdoshimiz qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadigan, bosib o‘tgan yo‘limiz va erishgan yutuqlarimizni sarhisob qilishga undaydigan ulug‘ ayyomdir. Bugun Xovosda o‘tkazilayotgan tantanada ham xalqimizning ko‘tarinki kayfiyati, birdamligi va shukronaligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Keyingi yillarda tumanimizda aholi farovonligini oshirish, mahallalarni obodonlashtirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, insonlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlarning zamirida, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, uning manfaatlarini ta’minlashdek ezgu maqsad yotibdi. Mazkur yuksak mukofot men uchun katta sharaf. Uni shaxsiy mehnatimga berilgan baho sifatidagina emas, balki mahallada faoliyat yuritayotgan nuroniylar, faxriylar va jamoatchilik vakillarining mehnatiga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor sifatida qabul qilaman. Bu mukofot bizni bundan buyon ham mahallada tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ezgu maqsadlar sari yo‘naltirish va yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida yanada fidoyilik bilan mehnat qilishga undaydi, — dedi Boymurod Azimov.
Darhaqiqat, bugungi bayram shodiyonasida xalqimizning mustaqillikka bo‘lgan yuksak ehtiromi, tinch va osuda hayotga shukronaligi yaqqol aks etdi. Zero, yurtdagi obodlik, mahallalardagi yangilanishlar, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan har bir ezgu tashabbus mustaqillikning amaliy samaralarini namoyon etmoqda.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA