Harbiy - vatanparvarlik musobaqalari o‘tkazilmoqda (+video)
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab yoshlar o‘rtasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ommaviy bayram tadbirlari, turli sport musobaqalari, tanlov va bellashuvlar o‘tkazilmoqda.
Ularning asosiy maqsadi — yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, jamoaviylik va hamjihatlikni targ‘ib etish, shuningdek, yoshlarning bilim va jismoniy tayyorgarligini namoyon etishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universitetida kursantlarning zamonaviy texnologiyalar sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish mahoratini oshirish hamda jamoaviy ishlash qobiliyatlarini mustahkamlash maqsadida “Dron-racing” bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
“Dron-racing” musobaqasi kursantlarda zamonaviy uchuvchisiz texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish bilan bir qatorda, kelgusida xizmat faoliyatida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan innovatsion texnologiyalarni amaliy jihatdan o‘zlashtirish uchun zamin yaratadi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda uchuvchisiz uchish apparatlari turli sohalarda, jumladan, monitoring, hududlarni kuzatish, qidiruv-qutqaruv ishlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlarida keng qo‘llanilmoqda. Shu nuqtai nazardan, bo‘lajak mutaxassislarning ushbu texnologiyalar bilan ishlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy bilimini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish hamda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida kursnat va harbiy xizmatchilar o‘rtasida insho tanlovi o‘tkazildi.
Insho yozish jarayonida ishtirokchilar Mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan yutuqlar, tinchlik va osoyishtalikning qadr-qimmati, xalqimizning birdamligi, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda Vatan ravnaqi yo‘lida har bir fuqaroning mas’uliyati haqidagi fikrlarini o‘ziga xos tarzda ifoda etdilar.
Mazkur tanlov harbiy xizmatchilarning vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, milliy qadriyatlarga hurmatini oshirish va ona Vatanga munosib farzand bo‘lish mas’uliyatini chuqur his etishlariga xizmat qildi.
Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA