Harbiy vatanparvarlik spartakiadasi o‘tkazildi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi hamkorligida “Harbiy vatanparvarlik spartakiadasi” harbiy-sport musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi.
“O‘zbekiston - yagona Vatan, unga xizmat qilish muqaddas burch!” shiori ostida tashkil etilgan mazkur musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va yuksak mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida katta ahamiyat kasb etdi. Musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng sara jamoalar o‘zaro kuch sinashib, bilim, mahorat va jismoniy tayyorgarlik borasidagi salohiyatlarini namoyon etdilar.
Musobaqada umumta’lim maktablarining 9–11-sinf o‘quvchilaridan iborat jamoalar ishtirok etishdi. Jami 5 ming nafarga yaqin ishtirokchini qamrab olgan ushbu yirik loyiha yoshlarning jismoniy chiniqishi, harbiy-amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, yetakchilik fazilatlarini shakllantirish va jamoaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
[gallery-30148]
Bellashuvlar davomida yoshlar o‘zlarining qat’iyati, shijoati va g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini namoyon etishdi. Har bir ishtirokchi o‘z jamoasi sharafini munosib himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga soldi. Musobaqa maydonlarida hukm surgan sog‘lom raqobat muhiti, do‘stlik va hamjihatlik ruhi yoshlarning bir-biriga bo‘lgan hurmati va birdamligini yanada mustahkamladi.
Harbiy vatanparvarlik spartakiadasi to‘rtta shart asosida tashkil etildi. Birinchi “Turnikda tortilish” shartida yoshlarning jismoniy tayyorgarligi, kuch-qudrati va chidamlilik darajasi sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchi “Mohir mergan” bellashuvida yoshlar pnevmatik qurol yordamida nishonlarni aniq urish bo‘yicha o‘z mahoratlarini ko‘rsatdilar. Uchinchi “Harbiy estafeta” sharti musobaqaning eng qiziqarli va murosasiz bahslarga boy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Bu bosqichda jamoalarning tezkorligi, epchilligi, harbiy-amaliy ko‘nikmalari hamda o‘zaro hamjihatligi sinovdan o‘tkazildi.To‘rtinchi shart – “Arqon tortish” bahslarida esa jamoalarning jismoniy qudrati, matonati va birdamligi yorqin namoyon bo‘ldi. Ushbu shart tomoshabinlar va ishtirokchilar uchun eng qiziqarli lahzalarga boy bo‘lib, g‘alaba sari intilish, jamoaviy ruh va o‘zaro ishonchning amaliy ifodasiga aylandi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, barcha shartlar bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etgan Kegeyli tumani 41-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi birinchi, Amudaryo tumani 40-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi ikkinchi, Taxiatosh tumani 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi uchinchi o‘rinlarni egallashdi.
G‘olib hamda faol ishtirokchilar kubok, diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari