Harbiy qismda o‘quv-yig‘ini o‘tkazildi
Yosh avlodni Vatanga sadoqat, yurt taqdiriga daxldorlik va yuksak mas’uliyat ruhida tarbiyalash — bugungi kunning muhim vazifalaridan. Ayniqsa, harbiy qism va muassasalarda bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish yoshlar yetakchilaridan bilim, tashabbus va izlanishni talab qiladi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax va Sirdaryo viloyat kengashlari tashabbusi bilan Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli “n” harbiy qismda shu harbiy qism va muassasalardagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari uchun o‘quv-yig‘ini o‘tkazildi. Unda yoshlar yetakchilarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, malakasini oshirish, shuningdek, viloyatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv-yig‘ini “Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi va vazifalari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzusidagi ma’ruza bilan boshlandi. Unda boshlang‘ich tashkilotning yoshlar bilan ishlashdagi o‘rni, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va tarbiyaviy jarayonni mazmunan boyitish masalalariga urg‘u berildi.
Yig‘inda 2026-yilning sakkiz oyi davomida yoshlarga oid davlat siyosati yuzasidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Shu bilan birga, 2026-yil yakuniga qadar yosh harbiy xizmatchi va xodimlar o‘rtasida chora-tadbirlar dasturida belgilangan tadbir va loyihalarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
O‘quv-yig‘inining amaliy qismi ham e’tiborga molik bo‘ldi. Xususan, harbiy qism boshlang‘ich tashkilot yetakchisining xonasida yoshlar yetakchilariga uni talab darajasida jihozlash va nomenklatura hujjatlarini yuritish tartibi tushuntirildi. Harbiy qism axloqiy-ruhiy ta’minot xonasida esa yoshlar yetakchilari ishtirokida “Psixologik trening”lar o‘tkazildi.
[gallery-30920]
Tadbirlar davomida yoshlar yetakchilarining ustuvor vazifalari, “Suvni birgalikda asraymiz” loyihasi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, huquqbuzarlikka moyil yoshlar bilan tizimli ishlashga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi. Bu yo‘nalishlarda to‘plangan tajribani ommalashtirish, samarali usullarni joylarda keng qo‘llash yuzasidan fikr almashildi.
O‘quv yig‘inining Jizzax shahridagi Qatag‘on qurbonlari muzeyiga ma’naviy-ma’rifiy tashrif bilan davom ettirilgani esa uning mazmuniga yanada teran ma’no bag‘ishladi. “Tarixdan saboq, kelajakka ishonch” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda harbiy qism va muassasalarning boshlang‘ich tashkilot yetakchilari va harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.
Muzey ekspozitsiyalari bilan tanishish asnosida ishtirokchilar tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, arxiv materiallari hamda qatag‘on yillari bilan bog‘liq eksponatlar orqali o‘zbek xalqining XX asrdagi murakkab va fojiali davrlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi. O‘zining ilmiy, ma’rifiy, adabiy va jamoat faoliyati bilan xalqimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, biroq mustabid tuzumning siyosiy ta’qib va qatag‘onlariga uchragan yurtdoshlarimizning hayoti va taqdiri haqidagi ma’lumotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Muzey xodimlari qatag‘on siyosatining xalqimiz hayotiga yetkazgan og‘ir oqibatlari, begunoh insonlarning nohaq jazolanganligi, ziyolilar, olimlar, adiblar va davlat arboblarining ta’qib etilgani haqida atroflicha ma’lumot berishdi. Tarixiy manbalarga asoslangan suhbatlar orqali ishtirokchilar tinchlik va osoyishtalikning qadri, mustaqillik ne’matini asrash va uni kelajak avlodlarga munosib yetkazish mas’uliyatini yana bir bor his etishdi.
Zero, tarix — shunchaki o‘tmish haqidagi xotiralar majmui emas. U bugunni anglash va ertangi kunni to‘g‘ri barpo etish uchun zarur saboqlar manbaidir. Xalq o‘z tarixini qanchalik chuqur anglasa, uning milliy o‘zligi, ma’naviy immuniteti va Vatanga bo‘lgan sadoqati shunchalik mustahkam bo‘ladi.
O‘quv-yig‘ini yakunida yoshlar yetakchilari o‘zaro tajriba almashishib, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan muloqot qilishdi. Yangi tashkiliy-uslubiy yondashuvlar ishlab chiqilib, joylarda yoshlarga oid ishlarni yanada takomillashtirish, ularni vatanparvarlik, intizom va mas’uliyat ruhida tarbiyalash bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rtoqlashildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari