Prezident topshiriqlari yuqori natijalarga aylanmoqda
Oliy ta’limdagi islohotlar samarasi, avvalo, ta’lim sifatining yuksalishi, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va berilgan vazifalarning amaldagi natijasida namoyon bo‘ladi. Jizzax Politexnika institutida bugun ana shu mezonlar uyg‘unlashib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi davomida belgilangan muhim vazifalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashrif chog‘ida Jizzax Politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi. Zamonaviy ta’limni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarni sanoat uchun zarur va raqobatbardosh mutaxassislar etib tayyorlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini amaliyot bilan mustahkamlashga qaratilgan ishlar e’tibor markazida bo‘ldi. Prezident mini-konveyerda ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashib, respublika va viloyat faollari bilan muloqot qildi.
Bugun oradan o‘tgan vaqt mobaynida ana shu vazifalarning amaliy ifodasi sifatida Jizzax politexnika institutida 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab “O‘zavtosanoat” AJ, “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi hamda “ADM Jizzax” avtomobil zavodlari bilan hamkorlikda “Muhandislik maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Uning asosiy maqsadi mamlakat sanoati, ayniqsa, avtomobilsozlik va ishlab chiqarish tarmoqlari uchun zamonaviy texnologiyalar hamda ishlab chiqarish jarayonlarini puxta o‘zlashtirgan, yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlashdan iborat.
Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rt ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari yangicha yondashuv asosida tashkil etilgan. Ikkinchi kursni yuqori ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan talabalar “BYD” zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy o‘quv platformalarida ikki yillik dual ta’lim oladi. Ular zavod bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlar o‘tab, maxsus ishga yo‘llanma sertifikatiga ega bo‘lish imkoniyatiga ega. Bu esa ta’limni diplom bilan yakunlanadigan jarayon emas, balki aniq kasb va ish o‘rniga olib boradigan tizimga aylantirayotgani bilan ahamiyatlidir.

Muhandislik maktabida zamonaviy o‘quv platformalari tashkil etilib, 16 ta yangi ta’lim dasturi asosida o‘quv rejalari ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Avtomobil ishlab chiqarishning payvandlash, bo‘yash, yig‘ish, elektron tizimlarni ulash, sifat nazorati hamda sinov jarayonlarini qamrab olgan mini-konveyer ishlab chiqarish liniyasining tashkil etilgani nazariy bilimni bevosita amaliyot bilan bog‘lash imkonini bermoqda.
Bu yerda elektromobil va quvvatlash stansiyasining tuzilishi, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish, sanoat va dasturlash muhandisligi, tannarx va revers muhandisligi yo‘nalishlariga ixtisoslashgan maxsus xonalar ham tashkil qilingan. Shuningdek, mahsulotni texnik-analitik solishtirish, xarajatlarni modellashtirish (cost modeling), ishlab chiqarishni optimallashtirish, jarayonlarni jahonshumul standartlar bilan taqqoslash kabi zamonaviy ko‘nikmalar o‘rgatilmoqda.
E’tiborlisi, mazkur maktab faqat talabalar uchun emas. Sohada faoliyat yuritish istagidagi yoshlar va mutaxassislar uchun malaka oshirish dasturlari, boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslari hamda tadbirkorlar uchun amaliy o‘quv modullari tashkil etilgan. Avtomobil zavodiga ishga kiruvchi nomzodlar, zavod ishchilari va ishsiz yoshlarga qisqa muddatli kurslarda o‘zlari qiziqqan kasblar o‘rgatilmoqda.

Kasbiy tayyorgarlik yo‘nalishlari ham kengayib bormoqda. Jumladan, mashinasozlik texnologiyasi, elektron texnikalarni montaj qilish va sozlash, elektrotexnika vositalariga xizmat ko‘rsatish, kompyuter grafikasi va multimedia tizimlari, kompyuter injiniringi texnologiyalari hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida o‘quvlar tashkil etilmoqda. Ishsiz yoshlar kasbga tayyorlanib, kurslar yakunida ularga kasbiy sertifikatlar topshirilmoqda.
Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi taklifiga asosan ijtimoiy himoya reyestrida ro‘yxatda turgan oilalar farzandlari uchun “Zamonaviy elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish” o‘quv dasturi asosida 2 oylik, 288 soatlik maxsus kurs tashkil etildi. Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 1-son texnikumning 32 nafar o‘quvchisi uchun ham 1 oylik maxsus kurs o‘tkazilib, uni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga kasbiy sertifikatlar topshirildi. Ularning 14 nafari bilan kelgusi o‘quv yilida suhbat asosida Jizzax politexnika institutiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifda belgilangan vazifalarning yana bir muhim jihati ta’lim oluvchiga e’tibor va ochiq muloqot muhitini kuchaytirishdir. Bugun institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmonqulov ikkinchi mutaxassislikka qabul qilingan talabalar bilan uchrashib, ularning o‘qish jarayoni, duch kelishi mumkin bo‘lgan masalalar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashdi.

Rektor talabalarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, ularga o‘qishlarida omad va zafarlar tiladi, kelgusida o‘z sohasining yetuk va malakali mutaxassislari bo‘lib yetishishiga ishonch bildirdi. Muloqotda bilimni chuqur egallash, vaqtdan unumli foydalanish, mustaqil izlanish va tanlagan kasbiga mas’uliyat bilan yondashish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular turli yo‘nalishlarda amaliy ko‘mak ko‘rsatish uchun mas’ul etib belgilangan institut xodimlari bilan tanishtirildi. Muayyan masala yoki muammo yuzaga kelganda qaysi mas’ullarga murojaat qilish mumkinligi tushuntirildi. Hal etilmagan masalalar, muammolar, shikoyat yoki takliflar bo‘yicha institut rektorining virtual qabulxonasi — @Rektor_qabulxonasi_bot orqali murojaat qilish mumkinligi ham ta’kidlandi.
Bu kabi yondashuvlar ta’lim muassasasida yoshlarning nafaqat bilim olishi, balki o‘zini erkin his qilishi, muammosiga yechim topishi va kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishi uchun zarur sharoit yaratadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga tashrifi davomida asosiy maqsad aholi, xususan, yoshlarga munosib sharoit yaratish va ularni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash ekanini ta’kidlagan edi. Bugun Jizzax politexnika institutida yo‘lga qo‘yilayotgan Muhandislik maktabi, dual ta’lim, ishlab chiqarishga yaqinlashtirilgan o‘quv jarayoni va kasbiy tayyorgarlik kurslari ana shu maqsadning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.

Zero, berilgan topshiriqning haqiqiy qiymati uning qog‘ozda qolmasligi, aniq natijaga aylanishida. Jizzax politexnika institutida esa tashrif davomida belgilangan vazifalar bugun zamonaviy ta’lim, ishlab chiqarish bilan hamkorlik, kasbiy tayyorgarlik va yoshlarga yaratilayotgan yangi imkoniyatlarda o‘z ifodasini topmoqda.
Uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri