Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari hamda pensionerlarni ijtimoiy himoyalashga alohida e’tibor qaratilgan. Bu ishlarni amalga oshirishda 88 ming nafardan ortiq a’zosi bo‘lgan NKMK xodimlari kasaba uyushmasi kengashi va uning kombinat bo‘linmalari, “NKMK jamg‘armasi” DM, “Navoiyuran” DK, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetidagi 7 ta birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi, 152 ta boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti muhim o‘rin tutmoqda.
Bu haqda “Ishchi-xodimlar va faxriylarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili va kelgusi rejalar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

– Kombinatda mehnat qilayotgan har bir ishchi-xodimning munosib mehnat sharoitlarida ishlashi, mehnatiga yarasha haq to‘lanishiga erishish bilan birga, ularning salomatligi muhofazasiga ham alohida ahamiyat berilmoqda, – deydi NKMK xodimlari kasaba uyushmasi kengashi raisi Isroil Rahmatov. – Kasaba uyushma vakillarining kombinat ma’muriyati bilan birgalikda ish joylari, ishlab chiqarish uchastkalari va sexlarda ish sharoitlari, mehnat muhofazasi, unga rioya etilish holati, ishchi-xodimlarni yo‘riqnomalardan o‘tkazish yuzasidan maqsadli o‘rganishlar olib borish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Kombinat muhandis-texnik xodimlarining mehnat muhofazasi yuzasidan bilim darajasini oshirish maqsadida ular o‘rtasida “Ishning eng yaxshi tashkilotchisi va mehnat muhofazasi bo‘yicha qonun va qoidalar bilimdoni”, mehnat muhofazasi vakillari o‘rtasida esa “Yilning eng yaxshi mehnat muhofazasi vakili” hamda turli yo‘nalishlar bo‘yicha “Yilning eng yaxshi yosh mutaxassisi” kabi tanlovlar o‘tkazilib kelinayotgani istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kombinat ishchi-xodimlari, ularning oila a’zolari va faxriylarni sog‘lomlashtirish hamda madaniy saviyasini oshirish bo‘yicha yetarlicha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Ularni sog‘lomlashtirish uchun Tibbiy-sanitariya bo‘limi va uning joylardagi beshta Tibbiy-sanitariya qismi zamonaviy tibbiy-diagnostika uskunalari bilan jihozlangan.

Ishchi-xodimlar salomatligini yaxshilash maqsadida ularga “NKMK” sanatoriysi, “Gornyak” pansionati, “To‘dako‘l” dam olish maskani, “Metallurg”, “Konchi” va “Nurobod” sanatoriy-profilaktoriylari, Yalta va Kislovodsk shahridagi “O‘zbekiston” sanatoriylari, “Qirg‘iz dengizi sohillari”, “Yangi yo‘l”, “Shaxand” hamda ijtimoiy sug‘urta byudjeti mablag‘lari hisobidan “Turon”, “Oqtosh”, “Chinobod”, “Umid gulshani”, “Bo‘ston”, “Sitorai Mohi Xosa”, “Chortoq”, “Chimyon” sanatoriylariga imtiyozli narxlarda har yili mingdan ortiq yo‘llanmalar ajratilmoqda.
Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari, pensionerlar va mehnat faxriylari uchun muntazam ravishda Samarqand, Xiva, Toshkent, Buxoro, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarga sayohatlar tashkil etilmoqda.

Ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, madaniy hordiq chiqarishlari uchun madaniyat muassasalari tashkil etilgan. Jumladan, Navoiy shahridagi “Farhod”, Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” va Nurobod shahridagi “Nurobod” madaniyat saroylari, Uchquduq shahridagi “Uchquduq” madaniyat uyi, Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazi, Karmana tumanidagi “Navro‘z” klubi, Zarkent qo‘rg‘onidagi “Konchi” madaniyat-sport majmuasi, Navoiydagi bolalar ijodiyoti markazi kabi maskanlar ishchi-xodimlar va ularning farzandlari xizmatida.
Kasaba uyushmasi kengashi nafaqat ishchi-xodimlar, balki ularning farzandlariga ham doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, har yili 11 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” DK va “NKMK jamg‘armasi” DMda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning 12 ming nafardan ortiq farzandlari yozgi ta’til mavsumini mazmunli o‘tkazadi.
Tadbirda OAV vakillari va jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri