Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi bu yil korxonaning 65 yilligini keng nishonlamoqda. Shonli sanani nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida kasaba uyushmalari asosiy tashkilotchi va tashabbuskorlardan biridir.
Quyida havola etiladigan suhbatimiz ham kombinat tashkil topganligining 65 yilligi hamda kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlandi.
– Darvoqe, har ikkala bayramga puxta tayyorgarlik ko‘rildi, – deydi NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Isroil Rahmatov. – Kombinatning 65 yilligi nishonlanayotgani ko‘p ming kishilik jamoamizni nihoyatda ruhlantirmoqda. Yubileyga bag‘ishlab hujjatli film, videorolik, kombinat tarixi kitobi, fotoalbom, “Konchilar hayoti” gazetasining maxsus soni tayyorlanmoqda. Bayramni har bir bo‘linmada ko‘tarinki ruhda nishonlash, hamkasblarimiz, faxriylarimizga quvonch ulashish uchun ko‘plab sport va ommaviy-madaniy dasturlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalaridan tashqari, faxriylarimizning holidan xabar olish, sovg‘a-salomlar va oziq-ovqatlar to‘plamlarini ulashish, bayram dasturxonlari tashkil etish, faollarni rag‘batlantirish va boshqa yo‘nalishlarda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Har bir bo‘linma hayotida, ishchi-xodimlarimiz qalbida qo‘shaloq ayyom shukuhi, bayramona kayfiyat hukmron. Davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi beqiyos o‘rni va ahamiyati e’tiborga olinib, yurtimizda 11 noyabr – “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” deb e’tirof etilgani barcha kasaba uyushmalari tizimida xizmat qilayotgan xodimlarga alohida faxr-iftixor bag‘ishladi. Ushbu kun umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib, o‘z safida ko‘plab insonlarni birlashtirgan kasaba uyushmalari hayotida unutilmas kun bo‘ldi. Sohamizning jonkuyar va fidoyi xodimlari bunga javoban mas’uliyatli va serqirra faoliyatini kengaytirib, ishchi va xizmatchilarning kasbiy, mehnatga oid ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarini yanada kuchaytirmoqda.
– Kombinatning nufuzi, jamoa erishayotgan yutuqlari haqida ham o‘z fikrlaringizni bildirsangiz?
– Kombinat mahsulot ishlab chiqarish hajmini yildan-yilga oshira borib respublikamiz iqtisodini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar qariyb 47 ming kishilik kombinat jamoasining doimiy izlanishi, intilishi, matonatli mehnati tufaylidir. Davlatimiz rahbari tomonidan kombinatni 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi 65 yilligi nishonlanayotgan korxona tarixida yangi istiqbollarni ochdi. Keyingi yetti yilda zamonaviy gidrometallurgiya zavodlari barpo etildi, yangi konlar ochildi, ko‘plab ijtimoiy ob’ektlar qad rostladi. Mana shunday zalvorli odimlar, yutuqlar bilan kombinatning yangi tarixi yaratilmoqda. Bunday marralar bilan g‘ururlanmay bo‘ladimi?!
Oltin va kumush har qanday davlat iqtisodiyotining asosi, yurt kuch-qudrati, ulkan boylik hisoblanadi. Kombinatda ishlab chiqarilayotgan oltin yangi O‘zbekiston xazinasini boyityapti, yurtimizning dovrug‘ini oshiryapti. Bunga erishish uchun konchi va metallurglar, oltin ishlab chiqarishga u yoki bu jihatdan aloqador turli kasb egalari kecha-yu kunduz mehnat qilishi, halovatidan kechishi, Qizilqumning qahraton sovug‘i, sahroning issig‘iga chidashi, jasoratli mehnat qilishi talab etiladi.
Nazarimda bugun moddiy manfaatdorligi har jihatdan yuqori bo‘lgan, zamonaviy ish sharoiti va juda katta ijtimoiy paketga ega kombinatda ishlayotgan har bir hamkasbimiz, ularning oilasi o‘zini baxtli hisoblaydi. Yashirmayman: biz bilan bir safda ishlashni orzu-havas qilganlar qancha?! Shu bois, yuzga yaqin kasb egalari, qirqqa yaqin millat va elat vakillari, o‘n uch ming nafar yoshlar, o‘n ming nafarga yaqin xotin-qizlardan tarkib topgan ahil jamoada bir oiladek bo‘lib ishlash har birimiz uchun ulkan sharaf, shu bilan birga, katta mas’uliyat hamdir.
– Ishchilar kombinatning asosiy boyligi. Ushbu ezgu g‘oya korxona hayotida azaldan bardavom. Shunday emasmi?
– Qayerda ijtimoiy adolat barqaror bo‘lsa, albatta, o‘sha yerda muvaffaqiyatga erishiladi, odamlar hayotidan rozi bo‘ladi. Mehnatkashlarimiz qalbida shukuronalik tuyg‘usi kundan-kunga oshmoqda. Kasaba uyushmalarining amaliy faoliyati har bir mehnatkash uchun munosib mehnat sharoitini yaratish, oilasi va farzandining kelajagi, ma’naviy jihatdan sog‘lomligi hamda baxtu-saodatini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Albatta, ishchilar Navoiy kon –metallurgiya kombinatining eng asosiy boyligi hisoblanadi. Shuning uchun ham kombinatning ijtimoiy siyosati odamlarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash va oshirishga qaratilgan. Bu esa o‘z o‘rnida hududiy rivojlanish hamda ijtimoiy barqarorlikka salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Kasaba uyushmasi Kengashi o‘z safida minglab a’zolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Ushbu ustuvor vazifalarni samarali bajarish uchun kasaba uyushmasi Kengashi tizimida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

– Ma’lumki, kasaba uyushmasi Kengashi o‘z faoliyatini mehnatni muhofaza qilish, Jamoa shartnomasi, ishlab chiqarish madaniyatini yuksaltirish, mehnat muhofazasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga tayangan holda amalga oshiradi. Bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lami qanday?
–Kombinatning 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasida ish beruvchi va kasaba uyushmasi o‘rtasida munosabatlarning huquqiy asoslari, eng muhimi ishchi-xizmatchilarning mehnat qilishi, mehnatga haq to‘lash, dam olish, salomatligini mustahkamlashi uchun sharoit yaratish va boshqa ijtimoiy himoya kafolatlari o‘z aksini topgan. Korxonamizda mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi doimiy nazorat qilib borilmoqda. Sir emas, kon-metallurgiya sanoati inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan ishlab chiqarishlar, xatarlar, murakkab jarayonlar bilan bog‘liq. Shu bois bu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishchilarning maxsus oyoq kiyimi, usti-bosh va boshqa himoya vositalari bilan ta’minlanishi, ovqatlanish sifati, bo‘linmalarning sanitariya holati va ishlab chiqarishda zaruriy sharoitlar yaratilishi ham nazoratda. Rahbariyat tashabbusi bilan kasaba uyushma vakillarining ma’muriyat bilan birgalikda ish joylari, ishlab chiqarish uchastkalari va sexlarda mehnat sharoitlari, muhofazasi, unga rioya etilish holati, xodimlarni yo‘riqnomalardan o‘tkazish yuzasidan maqsadli o‘rganishlar olib borish tizimli yo‘lga qo‘yildi.

Kombinat muhandis-texnik xodimlarning mehnat muhofazasi yuzasidan bilim darajalarini oshirish maqsadida ular o‘rtasida “Ishning eng yaxshi tashkilotchisi va mehnat muhofazasi bo‘yicha qonun va qoidalar bilimdoni”, mehnat muhofazasi vakillari o‘rtasida esa “Yilning eng yaxshi mehnat muhofazasi vakili” hamda 11 ta yo‘nalish bo‘yicha “Yilning eng yaxshi yosh mutaxassisi” kabi tanlovlar o‘tkazilmoqda. G‘oliblar munosib taqdiranib, istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilmoqda. Kombinatda mehnat intizomiga qattiq rioya qilinadi. Erishilayotgan yutuqlar zamirida ham mehnat intizomini kuchaytirishga qaratilayotgan e’tibor mujassam.
– Kombinatda mehnatkashlar va ularning oila-a’zolarini sog‘lomlashtirish hamda madaniy saviyasini oshirish bo‘yicha qanday imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda?
– Mehnatkashlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish uchun Tibbiy – sanitariya bo‘limi va uning joylardagi Tibbiy – sanitariya qismlari zamonaviy tashxislash-davolash uskunalari bilan ta’minlangan. Korxonalarda profilaktik ko‘rik va sog‘lomlashtirish tadbirlarini olib borish, birlamchi malakali tibbiy yordamni ko‘rsatish maqsadida tibbiy punktlar tarmog‘i ham tashkil etilgan. Tibbiy-sanitariya bo‘limlari tomonidan 100 ming nafardan ziyod kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatilib kelinmoqda.
Mehnatkashlarni sog‘lomlashtirish maqsadida kasaba uyushmasi tomonidan “NKMK” sanatoriysi, “Konchi” sihatgohi, “To‘dako‘l” dam olish bazasi, “Metallurg” va “Nurobod” sanatoriy-profilaktoriylari, Yalta va Kislovodsk shahridagi “O‘zbekiston” sanatoriylari, “Turon”, “Oqtosh”, “Chinobod”, “Umid gulshani”, “Bo‘ston”, “Sitorai Mohi Xossa”, “Chortoq”, “Chimyon” sanatoriylariga imtiyozli narxlarda har yili 15 mingta yo‘llanma ajratiladi. Shu o‘rinda aytish joizki, 2019 yilda Jizzax viloyatining Zomin tumanida 150 o‘ringa mo‘ljallangan yana bir sanatoriy foydalanishga topshirildi. Chimyon tog‘li hududida joylashgan “Gornyak” pansionati joriy yil kapital ta’mirdan so‘ng ish boshladi. Mavsumiy dam olish uchun bu yil “To‘dakul” oromgohi yangilangan holda ishga tushirildi. Navoiy, Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va Zafarobod shahar tipidagi aholi punktida joylashgan Tibbiy – sanitariya bo‘limlari 110 ming nafarga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadi. Barcha muassasalarda zamonaviy tibbiy va diagnostika jihozlari o‘rnatilgan. Z-Tibbiy-sanitariya bo‘limida “Ona va bola skrining markazi” faoliyat olib bormoqda. 2019-2021 yillarda jami 150 milliard so‘mlik davolash-diagnostika tibbiyot uskunalari olindi. Bundan tashqari, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida 10 ming nafarga yaqin ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari Xiva, Toshkent, Buxoro, Shahrisabz, Samarqand kabi tarixiy shaharlarga sayohat qildi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida mehnatkashlar va ularning oilalari madaniy-ma’rifiy hordiq chiqarishi uchun yetarlicha sharoit yaratilmoqda. Bunda, Navoiy shahridagi “Farhod” va Uchquduq shahridagi “Uchquduq” madaniyat saroylari, Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” va Nurobod shahridagi “Nurobod” madaniyat uylari, Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazi, Karmana tumanidagi “Navro‘z” klubi, Zarkent qo‘rg‘onidagi “Konchi” madaniyat-sport majmuasi, Navoiydagi bolalar ijodiyoti markazi kabi maskanlarda yuzlab iste’dodlar o‘zlarining iqtidorlarini namoyon etish yo‘lida mahoratini oshirmoqda. Bu muassasalarda 170 dan ortiq badiiy jamoalar va тўгараклар tashkil etilgan bo‘lib, 26 tasi “Xalqona” va “Namunali” degan maqomga ega. Ularda ayni paytda 4500 nafarga yaqin bolalar va kattalar shuғuлланмоқда. Badiiy jamoalar bir necha marotaba respublika ва xalqaro tanlovlar g‘oliblari safidan o‘rin olgan. Yurtboshimizning beshta tashabbusiga hamohang tarzda kitob mutolaasi, kitobxonlikni keng targ‘ib etish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Nurobod shaharlarida umumiy miqdori 343 mingdan ortiq kitob fondi bo‘lgan kutubxonalar mavjud. Ularga har yili 25,5 ming nafarga yaqin kitobxon tashrif buyuradi. Kitobsevarlarning 8,5 ming nafarga yaqinini 15 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
– Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj ishchi-xodimlar, pensionerlar va yoshlarga qanday ko‘mak ko‘rsatilyapti?
– Turli sana va bayramlar munosabati bilan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildiki, buning natijasi o‘laroq kasaba uyushma Kengashi ishchi-xodimlarning eng quyi qatlami orasigacha bevosita kirib bordi. Kengash a’zolari soni avvalgi yillardagiga nisbatan anchaga oshdi. Inson omili hamda hayot farovonligi bilan bog‘liq samarali ishlar bundan keyin ham davom ettiriladi. Kasaba uyushmalari tomonidan bo‘linmalardagi mehnat sharoitlarini nazorat qilish barobarida ishchi-xizmatchilarning maishiy sharoitlarini yaxshilashda ma’muriyat bilan doimiy hamkorlik qilinmoqda. Ana shu maqsadda kasaba uyushmasi tomonidan joylarda shart-sharoitlarni yaxshilash uchun joriy yilning o‘tgan davrida 4 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Kasaba uyushmasi tasarrufida tashkil etilgan “Birdamlik” fondi tomonidan 500 nafardan ortiq kam ta’minlangan, yolg‘iz pensionerlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj ishchi-xodimlarga 1 milliard so‘mdan ortiq miqdorda moddiy yordam ko‘rsatildi. Har bir bayram arafasida muhtojlar holidan xabar olish va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish an’anaga aylangan. Jumladan, kasaba uyushmalari kuni arafasida “NKMK” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi va kombinat tizimidagi barcha korxona, tashkilot hamda muassasalarda ishlayotgan ehtiyojmand ishchi-xodimlar, mehnat faxriylariga 550 ta oziq-ovqat jamlanmalari tarqatildi.
– Kasaba uyushmalarining ishchi-xodimlar farzandlari uchun yozgi ta’tilni maroqli tashkil etish va ularni sog‘lomlashtirish borasidagi amaliy faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Bu masala kasaba uyushmasi Kengashining har doim e’tiborida. Kombinat tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida ishchi-xodimlarning bolalari yozgi ta’til mavsumini maroqli o‘tkazishlari, salomatligini mustahkamlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. NKMK tizimida 13 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda har yili yoz mavsumida 12 ming nafardan ziyod bolalar sog‘lomlashtiriladi. Tomdi, Uchquduk, Nurota tumanlarining kam ta’minlangan oilalari uchun har yili 1000 dona bepul yo‘llanmalar ajratiladi. Shuningdek, Navoiy shahar ko‘zi ojizlar, Navoiy viloyati karlar jamiyatlari, O‘zbekiston nogironlar jamiyati Navoiy hududiy bo‘limiga ham imtiyozli yo‘llanmalar ajratilmoqda.
Kengash bundan buyon ham xodimlarni ijtimoiy himoyalash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularning oilasi, farzandlari haqida qayg‘urish, muammolarini hal etishga ko‘maklashish kabi bir qator vazifalarni bajarishda sobitqadamlik bilan faoliyat olib boradi.
“NKMK” Matbuot xizmati muxbiri Dildora Karimova suhbatlashdi,
O‘zA