Hamyurtlarimiz U-20 jahon chempionatida
Bugun Polshada 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi (U-20) jahon chempionatiga start beriladi.
Bugun Polshada 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi (U-20) jahon chempionatiga start beriladi. Afsuski, mazkur kichik mundialda mamlakatimiz yoshlari ishtirok etmaydi.
Ammo, shunisi quvonarliki, jahon chempionati hamyurtlarimiz ishtirokisiz oʻtmaydi. Ushbu musobaqaga oʻzbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev hamda FIFA instruktori Farhod Abdullayevlar taklif etilgan. Abdullayev U-20 mundialida nazoratchi hakam sifatida faoliyat olib boradi.
Bugun “B” guruhining 1-tur uchrashuvlari doirasida Meksika terma jamoasi italiyalik tengqurlariga qarshi bahs olib boradi. F.Abdullayev mazkur uchrashuvda hakamlar faoliyatini nazorat qiladi. Oʻyinni esa braziliyalik referi Rafael Klaus boshqaradi.
Ilgiz Tantashev esa U-20 Jahon chempionatidan oʻrin olgan Urugvay hamda Norvegiya yoshlar terma jamoalari oʻyinida ishlaydigan boʻldi. Mazkur oʻyinda hamyurtimiz toʻrtinchi hakam vazifasini bajaradi. Oʻyin ertaga 24 may kuni Lodz shahridagi “Vidzeva” stadionida boʻlib oʻtadi. Uchrashuvni esa AQSH vakili Ismoil Elfat boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Unga qanotlarda Kayl Atkins hamda Korey Parkerlar (ikkalasi ham AQSH) yordam beradi.
Hakamlar faoliyatini esa Neyl Polos (Solomon orollari) baholab boradi.