Hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi
O‘zbek tili va milliy madaniyatimizni xorijda keng targ‘ib etish, uning xalqaro nufuzini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosati doirasida yana bir muhim tashabbus amalga oshirildi.
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov tashabbusi bilan Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Hajettepe universitetida O‘zbek tili va madaniyati markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Markazning ochilishi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy tarixiy-madaniy yaqinlikni ta’lim va ilm-fan sohasidagi amaliy hamkorlik bilan boyitishga xizmat qiladi. Bu yerda turkiyalik talabalar o‘zbek tilini o‘rganish, adabiyotimiz, milliy urf-odat va qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Markaz o‘zbek tili va adabiyotiga oid kitob, lug‘at hamda ilmiy-ma’rifiy manbalar bilan ta’minlangan. Buxoro davdat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn va oflayn darslar tashkil etiladi. Kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalar, tarjima ishlari, til korpuslarini rivojlantirish hamda talabalar va magistrantlar uchun mavsumiy maktablar tashkil etish rejalashtirilgan.
[gallery-32098]
E’tiborli jihati, bu tashabbus o‘zbek tilini faqat o‘rganish ob’ekti sifatida emas, balki O‘zbekistonning boy tarixi, adabiyoti va milliy o‘zligini dunyoga tanitishning muhim vositasi sifatida namoyon etmoqda.
Hajettepe universitetidagi yangi markaz — o‘zbek tilining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, milliy merosimizni keng targ‘ib qilish va ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi amaliy qadamdir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari