Hamkorlik memorandumlari imzolandi
Samarqandda o‘tkazilayotgan Birodar shaharlar xalqaro forumi doirasida yurtimiz shaharlari va Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya, Serbiya, Rossiya, Bolgariya shaharlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Jumladan, Samarqand shahri va Serbiyaning Belgrad, Turkiyaning Nig‘de, Rossiya Federatsiyasining Ryazan shaharlari rahbarlari savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
– Keyingi yillarda O‘zbekiston va Serbiya munosabatlari tobora mustahkamlanib, hamkorlik ko‘lami kengayib borayotgani juda quvonarli, – deydi Belgrad shahri meri o‘rinbosari Vesna Vidovich. – Ana shu yaqinlik tufayli bugun Belgrad va Samarqand shaharlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu faqat rasmiy hujjat bo‘lib qolmay, ikki shahar taraqqiyoti, aholining yaqin do‘stona munosabatlarida o‘z ifodasini topishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘ramiz. Bizning shahrimiz Yevropaning tarixiy maskanlaridan biri hisoblanadi va ayni paytda uning zamonaviy qiyofasi ancha ko‘rkamlashib bormoqda. Shu jihatdan bugun Belgrad yirik turizm, xalqaro munosabatlar shahri bo‘lgan. Bu borada Samarqand shahri bilan o‘xshash, uyg‘un tomonlarimiz ko‘p va shuning uchun ham o‘zaro yaqin hamkorligimiz manfaatli bo‘lishiga ishonaman.
Shuningdek, marosimda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon va Veliko Tarnovo (Bolgariya), Rishton va Turkiston (Qozog‘iston), Buxoro va Ashxobod (Turkmaniston), Namangan va O‘sh (Qirg‘iziston) shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
[gallery-30555]
– Shu paytgacha biz Toshkent shahri bilan birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan edik, – deydi Ashxobod shahri meri Rahim Gandimov. – Bu ikki shahar hamda uning aholisi uchun juda manfaatli bo‘ldi, deb ayta olamiz. Aynan shu hamkorlik tufayli Toshkent shahrida Ashxobod bog‘i, bizda esa Toshkent bog‘i tashkil etildi. Shaharlarimiz ma’muriyatlari tomonidan birgalikda ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazdik, tashriflar amalga oshirildi. Endi bunday do‘stona aloqalar Buxoro shahri bilan ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari