Patent vakilligi instituti: Intellektual mulk himoyasi va innovatsion taraqqiyot kafolati
Sharh
Zamonaviy dunyoda g‘oyalar, ixtirolar, brendlar va ilmiy ishlanmalar har qanday davlat iqtisodiyotining asosiy drayveriga aylanib bormoqda. Ammo har qanday noyob yaratilgan mahsulot yoki brend huquqiy jihatdan ishonchli himoya qilinmasa, u o‘z qadrini yo‘qotishi yoki muallifsiz o‘zlashtirib ketilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2026-yil 7-oktabrdagi 542-son qarori bilan tasdiqlangan Patent vakilligi to‘g‘risidagi nizom mamlakatimizda intellektual mulk sohasini yanada takomillashtirish, sohaga malakali kadrlarni keng jalb etish hamda biznes va ijodkorlar uchun qulay huquqiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Patent vakili — sanoat namunalari, tovar belgilari, ixtirolar va boshqa intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish, ularga patent olish hamda mualliflarning manfaatlarini davlat organlari va sudlarda himoya qilish bo‘yicha maxsus vakolatga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassis hisoblanadi. Oddiy qilib aytganda, o‘z biznesini boshlayotgan tadbirkor o‘z brendi himoya qilinishini, olimu ixtirochi esa yaratgan texnologiyasining patentlanishini istasa, mazkur soha vakillariga murojaat qiladi. Ular hujjatlarni to‘g‘ri tayyorlash, ekspertiza jarayonlaridan o‘tish va huquqiy nizolarning oldini olishda ishonchli kafildir.
Xalqaro tajribaga nazar tashlasak, intellektual mulk va patent vakilligi instituti global iqtisodiyotning eng daromadli va strategik tarmoqlaridan biriga aylanganini ko‘rish mumkin. Xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Singapur kabi ilg‘or davlatlarda patent vakillari innovatsiyalarni tijoratlashtirishning asosiy halqasi hisoblanadi. Masalan, Janubiy Koreya va Yaponiyada har yillik qayd etilayotgan millionlab patentlarning ortida aynan yuqori malakali patent vakillarining qat’iy institutsional tizimi turadi.
Bu mamlakatlarda patent institutlari faqatgina hujjat rasmiylashtirish bilan cheklanib qolmasdan, ilmiy ishlanmalarni bozorga olib chiqish, venchur kapitalini jalb qilish va texnologik transferni ta’minlashda bevosita qatnashadi. Yevropa Ittifoqi va AQSH tajribasida ham patent vakillarining maqomi yuridik mas’uliyat va professional standartlar jihatidan yuqori baholanadi. Jumladan, Yevropa patent vedomstvosi tizimida ishlash uchun nomzodlar qat’iy malaka imtihonlarini topshiradi va ularning doimiy ravishda bilimlarini yangilab borishi talab etiladi.
Qabul qilingan yangi Nizom sohadagi bir qator byurokratik to‘siqlarni bartaraf etib, faoliyatni yanada soddalashtirdi va shaffof qildi. Xususan, mutaxassislar uchun ilgari mavjud bo‘lgan og‘ir attestatsiyadan o‘tish talabi bekor qilinib, uning o‘rniga har uch yilda malakani oshirish tartibi joriy etildi. Bu kadrlarning doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi va bilimlarini yangilab borishini ta’minlaydi. Shuningdek, endilikda patent vakili sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan berilishi belgilandi, bu esa hududlardagi fuqarolar va tadbirkorlarga katta qulaylik yaratadi.
Bundan tashqari, patent vakillarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti yoki Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan Patent vakillari Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi belgilangani sohaga nazariy va amaliy jihatdan puxta tayyorlangan kadrlar kirib kelishini kafolatlaydi. Barcha patent vakillari reyestri «Intellektual mulk muhofazasi» portalida e’lon qilib borilishi xizmat oluvchilar uchun shaffof va tekshiriladigan muhitni yaratadi.
Shuningdek, amaldagi vakillarning guvohnomalarini ortiqcha to‘lovlarsiz va imtihonlarsiz qayta rasmiylashtirish belgilangani amaliyotdagi mutaxassislar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekistonda qabul qilinayotgan mana shunday yangi tartiblar yuqoridagi kabi ilg‘or global standartlarga yaqinlashish hamda mamlakatimizda sohaning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Intellektual mulkni himoya qilish tizimining mustahkamlanishi mamlakatga investitsiyalar jalb qilish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni jadallashtirishning garovidir. Patent vakilligi institutining takomillashuvi esa yurtimizda yaratilgan har bir intellektual boylik, g‘oya va brend ishonchli huquqiy qalqon ostida bo‘lishini ta’minlaydi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA